Xalqaro Nordik universiteti va Jurnalistlar uyushmasi hamkorlik bitimini imzoladi
Xalqaro Nordik universiteti va O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi jurnalist kadrlar tayyorlash va talabalar amaliyotini rivojlantirish bo'yicha kelishdi.

Xalqaro Nordik universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafaqulov hamda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov o'rtasida innovatsion korporativ hamkorlik bitimi imzolandi. Mazkur kelishuv jurnalist kadrlar mahoratini oshirish, talabalarni ishlab chiqarish amaliyotiga keng jalb etish hamda sohada media loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Strategik sheriklikning asosiy vazifasi jurnalistika bakalavriat yo'nalishi talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkam bog'lash, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va zamonaviy media bozorida raqobatbardoshligini ta'minlashdan iborat. Yangi hamkorlik doirasida talabalarning kasbiy tayyorgarligi hamda amaliyot tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish rejalashtirilgan.
Ilmiy salohiyat va ijodiy tajriba birlashuvi
Bitimga ko'ra, Oliy ta'lim muassasasining ilmiy-innovatsion salohiyati va Uyushmaning boy ijodiy tajribasi birlashtiriladi. Buning natijasida yangi raqamli platformalar, podkastlar, mualliflik ko'rsatuvlari va ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan loyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, tarmoq, korxona va oliygoh zanjiri asosida muntazam ravishda mahorat darslari, treninglar va ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Taniqli jurnalistlar, tajribali muharrirl hamda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda amaliy mashg'ulotlar o'tkazilishiga kelishib olindi.
Manba: UzA



