Farg'onadagi nodavlat tibbiyot universiteti faoliyati va xalqaro hamkorlik rejalari
Central Asian Medical University muassisi Nurillo Mamasodiqov tibbiyot va ta'lim sohasidagi xizmatlari uchun "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlandi.

So'nggi yillarda tibbiyot va tibbiy ta'lim sohasida faoliyat olib borayotgan olim hamda rahbar Nurillo Mamasodiqovning tashabbusi bilan Farg'onada Central Asian Medical University nodavlat oliy ta'lim muassasasi tashkil etilgan edi. Qisqa vaqt ichida ushbu universitet mamlakatimiz va xorijda yetakchi ta'lim dargohlari qatoridan joy oldi. Oliy o'quv yurtida zamonaviy infratuzilma yaratilib, malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda hamda talabalarning nazariy bilimlari amaliyot bilan chambarchas bog'langan.
Ta'lim jarayoni va xalqaro tajriba
Tibbiyotda xatoga yo'l qo'yib bo'lmagani sababli, talabalar dastlab simulyatsiya markazida, so'ngra universitetning klinik shifoxonasida amaliy ko'nikmalarni puxta egallashadi. Joriy yildan boshlab o'quv dasturlariga yangiliklar kiritilmoqda. Xususan, tibbiyotda nazariy ta'limdan keyin rezidentura tashkil etish topshirig'i berilgan bo'lib, u to'liq davlat tomonidan moliyalashtiriladi va ushbu yo'nalishdagilarga 3,5 million so'm stipendiya to'lanadi. Universitet bu borada AQSh va Angliya ta'lim tajribasini tatbiq etishni maqsad qilgan.
Shuningdek, sohadagi islohotlar doirasida 2027-yil 1-yanvardan boshlab xususiy tibbiyot muassasalariga inson a'zolarini ko'chirib o'tkazish amaliyotini bajarish huquqi berilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan AQShdagi Pittsburg universiteti, Hindistonning Apolo klinikasi, Ozarbayjonning Olmos klinikasi va tibbiyot akademiyasi kabi xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ish olib borish ko'zda tutilgan. Prezident tashabbusi bilan Qoraqalpog'istonda ham universitet filiali ochildi.
Yangi marralar va ilmiy faoliyat
Sog'liqni saqlash tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qo'shgan hissasi uchun Nurillo Mamasodiqov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq Mehnat shuhrati ordeni bilan mukofotlandi.
Hozirgi kunda universitetda kengaytirish ishlari olib borilib, ushbu o'quv yilidan boshlab doktorantura ochildi va ilmiy kengash faoliyatini yo'lga qo'yish arafasida turibdi. Shuningdek, Oliy attestatsiya kengashi tasdiqlagan ilmiy jurnal ham faoliyat yuritmoqda.
Manba: UzA


