Navoiy viloyatida o'qituvchilar malakasini oshirish va innovatsiyalarni joriy etish natijalari muhokama qilindi
Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida o'qituvchilar malakasini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta'lim sifatini oshirish borasidagi ishlar yuzasidan matbuot anjumani o'tkazildi.

Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbir viloyat hokimligi hamda O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi hamkorligida o'tkazilib, unda pedagogik mahoratni oshirish va innovatsiyalarni tatbiq etish natijalari muhokama qilindi.
Pedagogik kadrlar tayyorlash va malaka oshirish ko'rsatkichlari
Bugungi kunda ta'lim tizimidagi islohotlar, sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalar o'qituvchilar oldiga yangi vazifalarni qo'ymoqda. Markaz rahbarining ta'kidlashicha, hozirda mazkur muassasaning ilmiy salohiyati 57 foizni tashkil etadi. Bu yerda 31 ta ta'lim yo'nalishi bo'yicha har oy o'rtacha 500-530 nafar pedagog o'z malakasini oshirib kelmoqda. Yil boshidan buyon esa qariyb 6 ming nafardan ortiq o'qituvchining kasbiy ko'nikmalari zamonaviy talablar asosida yangilangan. Biroq malaka oshirish samaradorligi faqat qatnashchilar soni bilan o'lchanmaydi, balki o'qituvchining olgan bilimini darsda qo'llashi va ta'lim sifatini o'zgartirishi asosiy mezon hisoblanadi.
Zamonaviy texnologiyalar va amaliy ko'mak
Ta'lim jarayoniga raqamli pedagogika hamda sun'iy intellektni joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. "Kasbiy rivojlanish kuni" doirasida pedagoglarga raqamli texnologiyalar va "Kelajak soati" darslarini tashkil etish yo'nalishida saboq berilmoqda. Shu bilan birga, olis hududlardagi maktablarga amaliy yordam ko'rsatish maqsadida "masterlar korpusi" tuzilib, yosh mutaxassislarga ustozlik qilish yo'lga qo'yilgani qayd etildi.
Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko'rish doirasida PISA, PIRLS va TIMSS yo'nalishlarida 28 ta amaliy seminar tashkil etildi. Shuningdek, STEM va STEAM yo'nalishlari bo'yicha 786 nafar o'qituvchining ilg'or metodikalar asosida bilim va ko'nikmalari oshirilgani ma'lum qilindi.
Manba: UzA


