Deputatlar maktab va bog'chalarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini o'rganmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylardagi maktab va bog'chalarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini ko'zdan kechirmoqda.

Yurtimizdagi ijtimoiy soha ob'ektlarini kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash maqsadida keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o'z saylov okruglarida olib borayotgan o'rganishlari davomida ta'lim muassasalarining sovuq kunlarga shayligiga alohida e'tibor qaratishmoqda. Xususan, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalarida xona hamda sinflarni isitish tizimlari, shuningdek, zarur yoqilg'i zaxiralari nazoratdan o'tkazilmoqda.
Hududlardagi ta'lim muassasalarida o'rganishlar
Jumladan, deputat Noiba Inoyatova Qarshi shahridagi 28-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida bo'lib, shart-sharoitlarni o'rgandi. 360 o'rinli ushbu muassasada 12 ta guruhda 245 nafar bola tarbiyalanmoqda. O'rganish chog'ida isitish tizimlarining qoidalar asosida ishlashi masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, gaz va isitish moslamalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, mo'rilarni vaqtida tozalash hamda shamollatish tizimlarining sozligiga e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.
Shuningdek, deputat O.Otamurodov Gurlan tumanidagi 16-umumiy o'rta ta'lim maktabining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini ko'zdan kechirdi. 540 o'ringa mo'ljallangan maktabda 702 nafar o'quvchi o'qiydi. Olis hududlardan, jumladan, 6 kilometr uzoqlikdan qatnaydigan o'quvchilar uchun alohida filial tashkil etilgan. Xalq vakili maktabdagi ko'mir zaxirasi va uning saqlanish holatiga alohida e'tibor qaratib, mavsumdan betalafot o'tish bo'yicha tavsiyalarini berdi.
2026-2027-yilgi mavsumga tayyorgarlik
Nurota tumanidagi 1-sonli umumta'lim maktabida bo'lgan deputat Botirali Shodiyev ham mazkur ta'lim muassasasining 2026-2027-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini o'rgandi. 330 o'rinli ushbu maskanda bugungi kunda 157 nafar o'quvchi tahsil olayotgan bo'lib, ularga 26 nafar pedagog ta'lim bermoqda. O'rganish jarayonida sinfxonalarda munosib haroratni ta'minlash, isitish tizimi hamda zarur yoqilg'i zaxiralarini yetarli miqdorda shakllantirish masalalari diqqat markazida bo'ldi.
Manba: UzA


