Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining ilk g'oliblari taqdirlandi
San'at va madaniyat yo'nalishida tahsil olayotgan 6 nafar talaba Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining ilk g'oliblari deb topildi.

Mamlakatimizda yosh iste'dodlarni qo'llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish hamda erishgan yutuqlarini munosib rag'batlantirish maqsadida Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasi ta'sis etilgan edi. Ushbu mukofot O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-iyuldagi tegishli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 690-son qaroriga asosan joriy qilingan.
Ilk g'oliblar va yo'nalishlar
O'tkazilgan tanlov yakunlariga ko'ra, madaniyat va san'at sohasida o'zining faolligi, iqtidori va izlanishlari bilan ajralib turgan 6 nafar talaba mazkur nufuzli stipendiyaning ilk egalari bo'ldi. G'oliblar ro'yxatidan quyidagi yoshlar o'rin oldi:
- Mustarov Muzrob Sherzodovich — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati instituti 4-bosqich talabasi, «Estrada xonandaligi» yo'nalishi;
- Nazarov Akramjon Abdulhakim o'g'li — Farg'ona davlat universiteti 3-bosqich talabasi, «Vokal san'ati» yo'nalishi;
- Yermakova Melaniya Aleksandrovna — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati instituti 3-bosqich talabasi, «Estrada cholg'u ijrochiligi» yo'nalishi;
- Erdashbayeva Sevara Shuhratovna — O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti Nukus filiali 4-bosqich talabasi, «Cholg'u ijrochiligi» yo'nalishi;
- Chamanova Gulshoda Abdurahmon qizi — Qarshi davlat universiteti 3-bosqich talabasi, «San'atshunoslik» yo'nalishi;
- Abdukarimov Javohir Sobirjon o'g'li — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati instituti 4-bosqich talabasi, «Texnogen san'at (musiqiy ovoz rejissyorligi)» yo'nalishi.
Tantanali taqdirlash marosimida stipendiyaning ilk sohiblariga maxsus diplom va mukofotlar topshirildi. Mazkur davlat stipendiyasi o'zbek san'ati rivojiga o'z hissasini qo'shishga intilayotgan yosh ijodkorlar uchun muhim rag'bat hisoblanadi.
Manba: UzA



