O'zbekistonda inklyuziv ta'limning asosiy tamoyillari va ahamiyati qanday?
Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilayotgan sharoitlar va inklyuziv ta'limning asosiy qoidalari ma'lum qilindi.

O'zbekistonda inson qadri ustuvorligi ta'lim tizimida ham o'z ifodasini topmoqda. Xususan, alohida ta'limga ehtiyojmand shaxslarning jamiyatdagi ishtirokini ta'minlash va ular uchun qulay muhit yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar maxsus yondashuv hamda metodlarni talab etgani bois, pedagoglarning malakasini oshirish masalalari ham diqqat markazida turibdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Inklyuziv ta'lim laboratoriyasi mudiri Munavvara Qurbonova ushbu yo'nalishdagi muhim tamoyillarni sanab o'tdi.
Inklyuziv ta'limning asosiy tamoyillari
- Teng huquqlilik va kamsitmaslik: har bir inson nogironligi, jinsi, tili, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar ta'lim olish huquqiga ega.
- Xilma-xillikni qadrlash: ta'lim oluvchilarning qobiliyati va o'rganish sur'atidagi farqlar tabiiy holat sifatida qabul qilinadi.
- Ta'limning hamma uchun ochiqligi: binolar, o'quv materiallari hamda axborot vositalaridan foydalanishdagi to'siqlar bartaraf etiladi.
- Individual ehtiyojlarni hisobga olish: o'qitish usullari, topshiriqlar va baholash shakllari talabgorning ehtiyojiga moslashtiriladi.
- Faol va mazmunli ishtirok: har bir o'quvchining dars jarayoni va jamoatchilik ishlarida qatnashishi ta'minlanadi.
- Hamkorlik: pedagoglar, o'quvchilar, ota-onalar va mutaxassislar birgalikda faoliyat olib boradi.
- Qadr-qimmat va mustaqillikni hurmat qilish: ta'lim oluvchining fikri va tanlovi inobatga olinadi.
- Sifatli ta'lim va rivojlanish: har bir shaxsning bilim olishi va yutuqqa erishishi uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.
So'nggi yillarda mamlakatimizda bu borada ko'plab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezidentning 2022-yil Samarqand shahridagi ko'zi ojiz bolalar ta'lim muassasasiga tashrifi chog'ida muhim tashabbus ilgari surilgan edi. O'shanda davlat rahbari har bir davlat idorasida OTMni tamomlagan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun munosib ish o'rni va sharoit bo'lishi lozimligini ta'kidlagan edi. Bugungi kunda ushbu tashabbus o'z samarasini berib, bir qator vazirlik va idoralarda bunday shaxslar o'z mehnat faoliyatini olib bormoqda.
Manba: UzA



