Talabalarning sun'iy intellekt haqidagi tasavvurlari va yondashuvlari o'rganildi
O'tkazilgan tadqiqotda talabalarning sun'iy intellekt haqidagi tushunchalari, uning afzalliklari va xavotirli jihatlari tahlil qilindi.
Talabalarning sun'iy intellekt haqidagi qarashlarini o'rganish maqsadida o'tkazilgan tadqiqotda jami 556 nafar ishtirokchi qatnashdi. Olimlar ularning fikrlarini aniqlash uchun erkin assotsiatsiyalar usulidan foydalandilar. Ishtirokchilardan sun'iy intellekt tilga olinganda ularning xayoliga birinchi bo'lib keladigan so'zlar va obrazlarni aytish so'raldi.
Asosiy tushunchalar va yondashuvlar
Olingan javoblar tahlil qilinib, qaysi tushunchalar ko'proq takrorlangani va ularning ahamiyati bo'yicha o'rni aniqlandi. Natijalarga ko'ra, sun'iy intellekt bilan eng ko'p bog'langan tushunmalar aql, texnologiklik, yordam, tezkorlik va kelajak bo'ldi. Talabalar uni asosan insonning ishini yengillashtiradigan, vazifalarni samarali bajarishga xizmat qiladigan texnik tizim sifatida qabul qildi. Shu bilan birga, ishtirokchilar uning sun'iy ravishda yaratilganini va unda insonga xos sifatlar yo'qligini ham ta'kidladilar.
Tadqiqotchilar talabalarning tasavvurlarida ikki xil yondashuv yonma-yon mavjudligini aniqladilar. Bir tomondan, texnologiya ish unumdorligini oshiradigan kuchli ish mexanizmi va amaliy yordamchi sifatida ko'rildi. Ikkinchi tomondan esa, talabalar sun'iy intellektga insoniy xususiyatlarni nisbat berishga moyil ekanligi ma'lum bo'ldi. Masalan, ular tizimni fikrlay oladigan, ijod qiladigan, aqlli yoki aksincha bo'lishi mumkin bo'lgan obyekt sifatida ta'rifladilar. Psixologiyada bu holat antropomorfizatsiya, ya'ni inson bo'lmagan narsaga insoniy xususiyatlar berish deb ataladi.
Xavotirlar va xavfsizlik masalalari
Sun'iy intellektga nisbatan umumiy munosabat ijobiy bo'lishiga qaramay, yoshlar orasida muayyan xavotirlar ham mavjud. Ular texnologiyaning kelajakdagi imkoniyatlarini tan olsa-da, uning ishonchliligi va xavfsizligiga doir savollar ochiq qolayotganini bildirdilar.
Tyumen davlat universiteti Ta'lim maktabi professori Inna Vasilevaning ta'kidlashicha, talabalarning umumiy munosabati ijobiy bo'lsa-da, ularda jiddiy xavotirlar ham bor va ko'pchilik uning ishonchliligi hamda xavfsizligiga shubha bildiradi. Bu masalalar alohida e'tibor talab qiladi.
Manba: Kun.uz



