Buxoroda ustoz va murabbiylar munosib taqdirlandi
1-oktabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Buxoroda ta'lim xodimlarini taqdirlashga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi.

Inson hayotida samarasi yillar va asrlar davomida ko'rinadigan sharafli kasblardan biri bu o'qituvchilikdir. 1-oktabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Buxoroda yosh avlodni tarbiyalashda fidokorona mehnat qilayotgan ustozlarni taqdirlashga bag'ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, ta'lim sohasi xodimlari va faxriylar ishtirok etdi. Viloyat hokimi barcha ustozlarni bayram bilan qutlab, o'qituvchilar hayotimiz charog'bonlari ekanini, barcha kasb egalari muallimlardan ta'lim olganini ta'kidladi. Bugungi kunda mamlakatimizda ta'lim va tarbiya masalasi davlat siyosatining eng muhim yo'nalishlaridan biriga aylangan.
Buxoro ta'limidagi ko'rsatkichlar va moliyalashtirish
Bugungi kunda Buxoro viloyatidagi 2 791 ta ta'lim dargohida 53 158 nafardan ortiq pedagog-xodim faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda viloyat maktabgacha va maktab ta'limi tizimidagi 236 ta muassasada qurilish-ta'mirlash hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Buning uchun jami 1,4 trillion so'm mablag' yo'naltirildi. Yaratilayotgan sharoitlar o'z samarasini berib, joriy yilda viloyat vakillari xalqaro va respublika fan olimpiadalarida 33 ta sovrinli o'rinni egalladi. Shuningdek, o'tkazilgan test sinovlarida viloyat bitiruvchilari o'rtacha 110,8 ball to'plab, respublikadagi eng yuqori ko'rsatkichlardan birini qayd etdi.
Davlat mukofotlari va e'tirof
Prezident farmoniga muvofiq, ta'lim-tarbiya tizimida fidokorona mehnat qilgan Buxoro viloyatining 6 nafar vakili davlatning yuksak mukofotlariga sazovor bo'ldi. Tantanali marosimda ularga yuksak mukofotlar hamda ko'krak nishonlari topshirildi. Shuningdek, ko'p yillik samarali mehnati uchun bir guruh ustozlarga “Xalq ta'limi fidoyisi”, “Xalq ta'limi a'lochisi”, “O'rta maxsus va professional ta'lim a'lochisi” hamda “Oliy ta'lim a'lochisi” ko'krak nishonlari tantanali ravishda taqdim etildi.
Manba: UzA


