Guliston davlat universitetida xalqaro tibbiy ta'lim va tajriba muhokama qilindi
Guliston davlat universitetida talabalar va xorijiy mutaxassis ishtirokida tibbiyot yo'nalishidagi xalqaro ta'lim imkoniyatlariga bag'ishlangan uchrashuv o'tkazildi.

Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan Guliston davlat universitetida tibbiyot fakulteti talabalari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbir davomida bo'lajak shifokorlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, xalqaro tajribani o'rganish hamda xorijiy ta'lim dasturlarida qatnashish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Qodirov va AQSHning Ogayo shtatidagi Mercy Health — St. Rita's Medical Center klinikasida ishlaydigan, «St. Louis» universiteti professori, taniqli ortoped-travmatolog Djoldas Quldjanov qatnashdi. Muloqot chog'ida Prezidentning tibbiyot va farmatsevtika sohasi vakillari bilan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, shuningdek, sog'liqni saqlash tizimidagi islohotlar xususida so'z yuritildi.
Chet tillari va kasbiy salohiyat
Viloyat rahbari talabalar zamonaviy bilim va amaliy ko'nikmalarni puxta egallashi, xorijiy tillarni o'rganishi zarurligini alohida ta'kidladi. Chet tillarini bilish xalqaro tajribani o'zlashtirish, nufuzli ta'lim dasturlarida ishtirok etish hamda kasbiy mahoratni oshirish uchun keng yo'l ochishi qayd etildi. Shifokorlik kasbi yuksak mas'uliyat, chuqur bilim va har bir qarorga jiddiy yondashuvni talab qilishi eslatib o'tildi.
Xalqaro ta'lim va malaka oshirish
Professor Djoldas Quldjanov tibbiyot sohasidagi ilg'or xalqaro tajriba, bakalavriatdan keyingi ta'lim bosqichlari, dual ta'lim imkoniyatlari va xorijda malaka oshirish yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot berdi. Shuningdek, talabalarning xalqaro ta'lim dasturlarida qatnashishi, zamonaviy tibbiy yondashuvlarni o'zlashtirishi hamda nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlashi uchun yaratilgan sharoitlar e'tibor markazida bo'ldi. Ochiq muloqot talabalarga o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish va xalqaro ta'lim imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirish imkonini berdi.
Manba: UzA


