Central Asian University xalqaro olimpiadasida 1500 dan ortiq o'quvchi ishtirok etdi
Central Asian University da fizika, matematika va kimyo fanlaridan o'tkazilgan xalqaro olimpiadada Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 1500 nafardan ziyod maktab o'quvchilari qatnashdi.

11-13-iyun kunlari Central Asian University da ilk bor Markaziy Osiyo davlatlarining 9-11-sinf o'quvchilari uchun fizika, matematika va kimyo fanlaridan xalqaro olimpiada tashkil etildi. Ushbu musobaqada O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston hamda Tojikistondan 1500 nafardan ortiq maktab o'quvchisi o'z bilimini sinovdan o'tkazdi.
Uch kun davomida ishtirokchilar yuqori murakkablikdagi olimpiada masalalarini yechib, grant yutib olish va universitetga maxsus shartlar asosida o'qishga kirish huquqi uchun kurashdilar. Ko'plab yoshlar uchun bu oliy ta'lim darajasiga yaqinlashtirilgan muhitda o'z imkoniyatlarini sinab ko'rishda muhim qadam bo'ldi.
Grantlar va g'oliblar uchun imtiyozlar
Musobaqa doirasida to'liq o'qish davri uchun 100 foizgacha bo'lgan ta'lim grantlari asosiy sovrin sifatida taqdim etildi. 11-sinf o'quvchilari o'rtasidagi natijalarga ko'ra, 1-3-o'rinni egallaganlar to'liq o'qish davri uchun 100 foizli grantni qo'lga kiritishdi. 4-6-o'rin egalariga 50 foizli, 7-10-o'rinni egallaganlarga esa 25 foizli grantlar berildi. 10-sinf o'quvchilari maktabni tamomlab, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tsalar, grant yutish imkoniyatiga ega bo'lishlari belgilandi. 9-sinf g'oliblari esa CAU Be Student tayyorlov dasturida bepul o'qish huquqi hamda o'qishga kirishda qo'shimcha imtiyozlar bilan taqdirlandilar.
Olimpiada fanlari universitetning kelgusidagi akademik yo'nalishlariga moslashtirildi. Xususan, fizika va matematika muhandislik, axborot texnologiyalari, arxitektura hamda biznes yo'nalishlarini tanlagan abituriyentlarga mo'ljallangan bo'lib, ishtirokchilar Computer Science, Biomedical Engineering, Industrial Engineering, Architecture and Design, Accounting and Finance, Marketing va International Business kabi dasturlarda o'qishni davom ettirishlari mumkin. Kimyo yo'nalishi esa tibbiyot va stomatologiya sohasini maqsad qilgan o'quvchilar uchun tashkil etilib, kelgusida Doctor of Medicine va Doctor of Dental Surgery dasturlarida o'qish uchun zamin yaratadi.
Qabul jarayoni va yangi strategiya
Mazkur olimpiadaning o'tkazilishi Central Asian University qabul kampaniyasining yangi strategiyasi bilan uzviy bog'liqdir. 2026-yilda universitet qabul o'rinlarini 700 taga qisqartirib, eng yaxshi tayyorgarlikka ega abituriyentlarni jalb etish maqsadida tanlovni kuchaytirdi. Shunga qaramay, kelib tushgan arizalar soni 4000 taga yaqinlashib, deyarli barcha ta'lim yo'nalishlarida yuqori raqobatni ta'minladi.
Universitet ta'lim modeli talabalarning birinchi bosqichlardanoq muhandislik va IT-laboratoriyalari, tibbiy simulyatsiya markazlari hamda arxitektura ustaxonalarida amaliy tajriba orttirishiga asoslangan. 2019-yilda tashkil etilgan Central Asian University bugungi kunda tibbiyot, stomatologiya, biznes, arxitektura va dizayn, muhandislik, turizm va mehmondo'stlik maktablarini o'z ichiga oladi. O'quv maskani xalqaro reytinglarda ham yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.
Manba: UzA



