Kam ta'minlangan oila farzandlari bo'lgan talabalarning turar joy xarajatlari qoplanadi
Hukumat qaroriga ko'ra, ehtiyojmand oilalar vakili bo'lgan kunduzgi ta'lim talabalarining yotoqxonadagi yashash xarajatlari davlat budjetidan qoplab beriladi.
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko'ra, davlat oliy ta'lim tashkilotlarida faqat kunduzgi ta'lim shaklida o'qiydigan yoshlarning talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari davlat granti yoki to'lov-kontrakt asosida o'qishidan qat'i nazar, davlat budjeti hisobidan to'lab beriladi.
Ariza berish tartibi va imtiyozlar
- Talabaning yotoqxonadagi yashash xarajatini qoplab berish huquqi uning oilasi Ijtimoiy reyestrning "kambag'allik chegarasidagi oila" toifasiga kiritilgan sanadan boshlab 12 oy davomida saqlanib qoladi.
- Mazkur toifadagi talabalar ustuvorlik asosida, navbatsiz davlat OTMning talabalar turar joyiga qabul qilinadi.
- Ariza beruvchi har oyning 7-sanasiga qadar o'zi tahsil olayotgan oliy ta'lim tashkiloti rektori yoki filial direktori nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
- Arizani mustaqil ravishda kontrakt.edu.uz platformasi orqali ham yuborish imkoniyati mavjud.
- Ariza tegishli o'quv yili uchun bir marta taqdim etiladi.
Arizalarni ko'rib chiqish muddati
Fakultetlarda yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan o'rinbosarlari yoki mas'ullar elektron tarzda kelib tushgan arizalarni 1 kun ichida umumlashtirib, komissiyaga taqdim etadi. O'z navbatida, komissiya taqdim etilgan arizalarni 1 kun muddatda o'rganib chiqib, tegishli qaror qabul qiladi.
Manba: Kun.uz



