Mahmudxo'ja Behbudiy merosi yoshlar ta'lim-tarbiyasida muhim o'rin tutmoqda
Akademik litsey va universitetlarda Mahmudxo'ja Behbudiy hayoti hamda ijodiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazilmoqda.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyda buyuk ma'rifatparvar Mahmudxo'ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda ishtirok etgan o'quvchilar ma'rifatparvarning merosi shunchaki tarix emas, balki qanday yashash kerakligini o'rgatuvchi hayotiy saboq ekanini ta'kidlashdilar. O'z davrining yetuk jamoat arbobi va yozuvchisi bo'lgan Behbudiy xalqni jaholatdan qutqarishning yagona yo'li ilm va tarbiya ekanini anglab, yangi maktablar ochish hamda darsliklar yaratish yo'lida fidokorona mehnat qilgan. Uning qarashlari yosh avlodni axloqli, ma'naviyatli va ongli hayotga chorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma'rifatparvar g'oyalarining zamonaviy ta'limdagi o'rni
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi mudiri Shohrux Qosimovning fikricha, Behbudiy merosi talabalar uchun katta ahamiyatga ega bo'lib, ularga faqat tarixiy bilim bermaydi, balki jamiyatga daxldorlik va faol fuqarolik pozitsiyasini ham o'rgatadi. Oliy ta'lim muassasasida bu ulug' siymoga bag'ishlangan ochiq muloqotlar, ilmiy muhokamalar va turli tadbirlar muntazam o'tkazib kelinmoqda. Uning g'oyalarini zamonaviy tahlil asosida o'rganish yoshlarning dunyoqarashini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi maktab va litseylarda o'tkazilayotgan sahna ko'rinishlari, ijodiy tanlovlar hamda ma'naviy kechalar Mahmudxo'ja Behbudiy siymosini yoshlar ongida tirik saqlamoqda. Bu esa ma'rifatparvar merosi faqat o'tmish xotirasi emas, balki bugungi kun uchun ham mustahkam ma'naviy tayanch ekanini yana bir bor ko'rsatib turibdi. Mahmudxo'ja Behbudiy kecha va bugunni o'zaro bog'lab turuvchi ma'rifat ko'prigi bo'lib, uning ilg'or g'oyalari kelgusida ham yoshlarni bilimli hamda jamiyat taqdiriga befarq bo'lmagan shaxs sifatida tarbiyalashda muhim xizmat qiladi.
Manba: UzA



