Markaziy bank va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorlikni kuchaytirmoqda
Markaziy bank va JIDU o'rtasida ilmiy va akademik hamkorlik bo'yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o'rtasida ilmiy va akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ta'lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda moliya sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashni ko'zlaydi.
Ilmiy-tadqiqot va o'quv jarayoni integratsiyasi
Imzolangan memorandumga muvofiq, tomonlar o'rtasida bir qator muhim yo'nalishlarda sheriklik o'rnatiladi:
- Qo'shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va ilmiy nashrlar tayyorlash.
- Axborot resurslari hamda ilmiy ma'lumotlar bazalaridan sheriklik asosida foydalanish.
- Konferensiya, forum, seminar va treninglar tashkil etish.
- Markaziy bank mutaxassislari ishtirokida universitet o'quv rejalarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqish, talabalar uchun mahorat darslarini o'tkazish hamda ilmiy ishlarga maslahatchi sifatida biriktirish.
Talabalar va xodimlar uchun amaliy imkoniyatlar
Universitetning bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichi talabalariga Markaziy bankda amaliyot o'tash imkoniyatlari yanada kengaytiriladi. Shuningdek, doktorantlarning ilmiy ishlar mavzulari bevosita Markaziy bank faoliyati uchun dolzarb bo'lgan yo'nalishlar bilan uyg'unlashtiriladi.
O'z navbatida, Markaziy bank xodimlari uchun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida makroiqtisodiyot, mikroiqtisodiyot, ma'lumotlar ilmi va tadqiqot metodlari bo'yicha maxsus o'quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tomonlar innovatsion va startap ekotizimini rivojlantirish, istiqbolli startap loyihalarini qo'llab-quvvatlash, ularni akseleratsiya va inkubatsiya dasturlari orqali rivojlantirish hamda sohaga investitsiyalarni jalb etish borasida ham birgalikda ish olib boradi.
Manba: UzA



