Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universitetiga yangi prorektor tayinlandi
Xitoylik olim, professor Tunsyan Szou Green Universityning ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori lavozimiga tayinlandi.
Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi tasarrufidagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universiteti (Green University) rahbarligida yangi tayinlov amalga oshirildi. Xitoylik taniqli olim va professor Tunsyan Szou mazkur oliygohning ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori lavozimini egalladi.
Professor haqida qisqacha
Tunsyan Szou Xitoyda eng ko'p iqtibos keltiriladigan tadqiqotchilardan biri sanaladi. Uning ilmiy faoliyati va qiziqishlari doirasi turizm, tabiiy resurslar, ekologiya, madaniy meros hamda barqaror rivojlanish kabi muhim masalalarni qamrab oladi.
Yangi prorektor o'z faoliyati davomida Xitoyning Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti yordamchisi, shuningdek, Xitoy madaniyat va turizm akademiyasi dekani lavozimlarida ishlagan. Bundan tashqari, u O'zbekistonda ham tajribaga ega bo'lib, Samarqand shahridagi “Ipak yo'li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti prorektori lavozimida ham faoliyat yuritgan.
Yutuqlari va xalqaro loyihalar
Tunsyan Szou Xitoyning “Milliy yetakchi mutaxassisi” unvoni bilan e'tirof etilgan va XXR Davlat kengashining maxsus davlat stipendiyasi sohibi hisoblanadi. Olim faoliyati davomida YuNESKO, Xitoy Milliy ijtimoiy fanlar jamg'armasi hamda Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi ko'magida amalga oshirilgan bir qator yirik xalqaro loyihalarga rahbarlik qilgan. Shuningdek, uning xizmatlari munosib baholanib, “Tabiat himoyachisi” va “Turizm fidoyisi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Manba: Kun.uz



