Misrlik yoshlarni Qoraqalpogiston oliygohlarida o'qitish taklif etildi
Qoraqalpogiston oliy ta'lim muassasalarida misrlik talabalar uchun qishloq xo'jaligi, tibbiyot va muhandislik yo'nalishlarida ta'lim olish taklif qilindi.
Qoraqalpogiston vakillari va Misr tomoni o'rtasida qishloq xo'jaligi hamda ta'lim yo'nalishlarida ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga bag'ishlangan muloqot bo'lib o'tdi. Muzokaralar davomida iqtisodiy masalalar bilan bir қаторda ta'lim sohasidagi imkoniyatlar atroflicha ko'rib chiqildi.
Ta'lim yo'nalishidagi hamkorlik
Uchrashuv chog'ida Qoraqalpogiston tomonidan misrlik talabalarni mahalliy oliy ta'lim muassasalarida tibbiyot, qishloq xo'jaligi va muhandislik yo'nalishlarida tahsil olishga jalb etish taklif etildi. Mazkur maqsadga erishishda akademik almashinuv dasturlari, qo'shma ta'lim loyihalari hamda institutsional sheriklik mexanizmlari muhim vosita bo'lishi ta'kidlandi.
Agrotexnologiyalar va qo'shma loyihalar
Shuningdek, muzokaralar doirasida Orolbo'yi mintaqasida Misrning ilg'or tajribasiga tayanib, zamonaviy agrotexnologik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar cho'l yerlarini o'zlashtirish, innovatsion sug'orish texnologiyalarini tatbiq etish va issiqxona xo'jaligini rivojlantirish yo'nalishlariga o'z qiziqishlarini bildirdilar.
Muzokara yakunida aniq tashabbuslarni hayotga tatbiq etish maqsadida pilot loyihalarni yo'lga qo'yish, ekspertlar darajasida doimiy maslahatlashuvlar o'tkazish hamda muloqotni tizimli tarzda davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Manba: Kun.uz



