Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalarida kursantlar qasamyod qildi
1-sentabr kuni Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalarining birinchi bosqich kursantlari Vatanga qasamyod qildi.

Joriy yilning 1-sentabr sanasida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta'lim muassasalariga yangi o'qishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlari ishtirokida tantanali "Vatanga qasamyod" marosimlari o'tkazildi.
Oliy harbiy ta'lim muassasalaridagi tadbirlar
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida ham mazkur oliy ta'lim dargohiga qabul qilingan yoshlar Vatanga qasamyod qabul qilishdi. Shuningdek, mazkur universitetning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Harbiy tibbiyot institutida ham qasamyod tantanalari yuqori saviyada tashkil etildi.
Tantanali tadbirlarda mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xolmuhamedov, harbiy xizmatchilar, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a'zolari, ota-onalar va kursantlar qatnashdi. Tadbirda so'z olganlar yoshlarni ona Vatanni qo'riqlash kabi sharafli kasbni tanlagani va bu yo'ldagi ilk qadami bilan tabrikladi.
O'zgacha ruhdagi marosim
Bu yilgi "Vatanga qasamyod" marosimi o'zgacha ruhda o'tdi. Unda yangi qabul qilingan barcha kursantlar qasamyod so'zlarini birgalikda, jo'r bo'lib va bir ovozdan baralla aytib, Vataniga, xalqiga hamda Prezidentiga sadoqat bilan xizmat qilishlarini bildirishdi.
Talaba va kursantlar ajdodlarining pok ruhi oldida bosh egib, Vatan bayrog'ini o'pishdi. Ushbu lahzalar ular uchun shunchaki marosim emas, balki avlodlar oldidagi mas'uliyatni his etish, muqaddas qasamyodga sodiq qolish hamda yurt himoyachisi degan sharafli nomga munosib bo'lish uchun berilgan tantanali va'da bo'ldi.
Institutlarda bo'lib o'tgan marosimlar davomida keng jamoatchilik vakillari yurtimizda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda ularning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan islohotlar xususida to'xtalib o'tdi va barchaga o'qish hamda kelgusi xizmatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Manba: UzA



