Oliy ta'lim muassasalarida sport va iqtidorli talabalar bilan ishlash holati tanqid qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig'ilishda oliygohlarda sport yo'nalishidagi ishlarning holati va ayrim muammolar muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida oliy ta'lim muassasalarida sport yo'nalishidagi ishlar yetarli darajada emasligi ta'kidlandi. Shuningdek, federatsiyalar bilan hamkorlik qilish hamda iqtidorli talabaga individual murabbiy biriktirish ishlari sust borayotgani qayd etildi.
Ilg'or tajribalar va kamchiliklar
Ayrim oliygohlarda sport sohasi bo'yicha ijobiy tajribalar mavjud. Misol uchun, Termiz davlat universiteti 4 ta klub tashkil etib, 5 ming nafar talabani 18 ta sport turiga jalb qilgan. Natijada talabalar o'tgan yili xalqaro musobaqalardan 18 ta medal qo'lga kiritgan. Shuningdek, mazkur oliygohning voleybol va gandbol jamoalari oliy ligada, futzal hamda futbol jamoalari 1-ligada ishtirok etmoqda.
Biroq ba'zi ta'lim muassasalarida ahvol qoniqarsiz. Jumladan, Jizzax politexnika instituti, Toshkent tibbiyot universiteti Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti hamda Buxoro davlat universitetlarida talabalarning 70 foizi jismoniy normativlarni topshira olmagan. Bu holatlardagi sport klublari faoliyati faqat qog'ozda, ya'ni nomigagina ishlayotganini ko'rsatadi.
Yangi vazifalar
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida mamlakatdagi 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining tajribasini o'rganish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, ularga sport yo'nalishi bo'yicha aniq bir yillik reja ishlab chiqish topshirig'i berildi.
Manba: UzA



