Oliy ta'lim vazirligining KPI ko'rsatkichlari hamda 2026-yilgi rejalari muhokama qilindi
Oliy ta'lim vazirligi rahbarlarining KPI ko'rsatkichlari eshitilib, 2026-yilda ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun 3 ming 600 ta grant ajratilishi ma'lum qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo'mitasida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda uning o'rinbosarlarining samaradorlik ko'rsatkichlari (KPI) ijrosi yuzasidan axboroti tinglandi. Vazirlik faoliyatini KPI asosida baholash tizimga ilmiy va tizimli yondashuvni ta'minlayotgani qayd etildi.
2025-yildagi asosiy natijalar
O'tgan yilda oliy ta'lim va fan yo'nalishida bir qator ijobiy ko'rsatkichlarga erishildi. Xususan, nufuzli xalqaro reytinglarning TOP-500 ro'yxatiga kiruvchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 17 ta qo'shma ta'lim dasturi ishga tushirildi. Shuningdek, xalqaro reytinglarning TOP-1000 taligiga mamlakatimizning 3 ta oliy ta'lim muassasasi kiritildi.
Ilmiy salohiyatni oshirish yo'nalishida professor-o'qituvchilar tomonidan Scopus va Web of Science bazalarida jami 4 ming 514 ta maqola chop etildi. Ilmiy darajali kadrlar ulushi 50 foizga yetkazildi. Bundan tashqari, sohaga 112 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.
2026-yil uchun belgilangan rejalar
Joriy yilda oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini 45 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, quyidagi vazifalarni bajarish ko'zda tutilgan:
- Kambag'al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar farzandlari uchun 3 ming 600 ta davlat granti ajratish;
- Hududiy ehtiyojlardan kelib chiqib, yana 1 ming 820 ta maqsadli grant yo'naltirish;
- Xalqaro akkreditatsiyadan o'tgan ta'lim dasturlari sonini 133 taga, TOP-1000 reytingdagi oliygohlar sonini 4 taga yetkazish;
- “Universiada”, “Talabalar ligasi” hamda “Besh tashabbus olimpiadasi” orqali 600 ming nafar talabani sport tadbirlariga qamrab olish;
- my.gov.uz portali orqali ko'rsatiladigan xizmatlar sonini 19 taga yetkazib, raqamlashtirilganlik darajasini 83 foizga chiqarish;
- Oliygohlar axborot-resurs markazlarini 220 mingta zamonaviy adabiyot bilan boyitish va ularning 75 foizini raqamlashtirish.
Muhokama davomida deputatlar kelgusi yil uchun belgilangan KPI ko'rsatkichlarini yanada takomillashtirish, strategik yo'nalishlarni aniq belgilash hamda natijadorlikni oshirish yuzasidan o'z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Manba: UzA



