O'zbekiston va Rossiya o'rtasida oliy ta'lim va fan sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Rossiya elchisi bilan uchrashib, ikki davlat o'rtasidagi ta'lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini muhokama qildi.

O'zbekistonda ta'lim tizimini rivojlantirish va xalqaro aloqalarni kengaytirish maqsadida oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot davomida ikki davlat o'rtasida fan, innovatsiyalar va oliy ta'lim yo'nalishidagi sheriklik ko'p qirrali xarakterga egaligi ta'kidlandi. Tomonlar o'rtasida mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza yaratilgani hamda o'zaro hamkorlik izchil kengayib borayotgani qayd etildi.
Akademik mobillik va qo'shma dasturlar
Uchrashuvda o'zbekistonlik yoshlarning Rossiya oliygohlarida tahsil olishga qiziqishi ortib borayotgani va akademik mobillik ko'rsatkichlari oshgani e'tirof etildi. Shuningdek, ta'lim sifatini yuksaltirish, qo'shma ta'lim dasturlarini zamonaviy mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish hamda Rossiya OTMlarining filiallari faoliyatini yanada yaxshilash masalalari ko'rib chiqildi.
Mas'ullar mazkur muloqot har ikki mamlakat oliy ta'lim tizimini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishini mamnuniyat bilan ta'kidladilar.
Manba: UzA



