Talaba xotin-qizlarning to'lov-kontrakt summasini to'lab berish tartibi tasdiqlandi
Prezident qaroriga muvofiq, ehtiyojmand oilalar, yetim yoki boquvchisini yo'qotgan talaba qizlarning kontrakt puli mahalliy hokimliklar hisobidan qoplab beriladi.
Prezidentning xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risidagi qaroriga asosan, talaba qizlarning o'qish xarajatlarini qoplash mexanizmi belgilandi. Ushbu tartibga muvofiq, har yili har bir viloyatda jami 150 nafar xotin-qizning to'lov-kontrakti mahalliy hokimliklar tomonidan to'lab berilishi ko'zda tutilgan.
Mazkur moliyaviy yordamni taqsimlashda quyidagi mezonlar belgilangan:
- 40 nafari birinchi kursda tahsil olayotgan talaba qizlar;
- 100 nafari ikkinchi va undan yuqori kurslarda o'qiyotgan talabalar.
Imtiyozdan foydalanish huquqiga ega bo'lgan toifalar:
- «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan kam ta'minlangan oilalarning qizlari;
- Yetim yoki ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan talaba qizlar;
- Voyaga yetmagan farzandlarini yolg'iz tarbiyalayotgan yoki boquvchisini yo'qotgan ayollarning qizlari.
Shu bilan birga, mazkur tartib ba'zi toifalarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Xususan, ikkinchi mutaxassislik bo'yicha ta'lim olayotgan shaxslar hamda O'zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy yoki xususiy oliy ta'lim muassasalarida o'qiyotgan talaba xotin-qizlarning kontrakt to'lovlari ushbu tartib asosida qoplab berilmaydi.
Manba: Kun.uz



