Toshkent davlat yuridik universiteti va Ekopartiya o'rtasida memorandum imzolandi
Toshkent davlat yuridik universiteti hamda O'zbekiston Ekologik partiyasi hamkorlik memorandumini imzoladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti va O'zbekiston Ekologik partiyasi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv tabiatni muhofaza qilish g'oyalarini mustahkam huquqiy baza bilan birlashtirishga qaratilgan muhim qadam sifatida qayd etildi.
Hamkorlikning asosiy yo'nalishlari
Imzolash marosimida har ikki tomon rahbarlari bugungi kunda ekologik masalalar davlat siyosati darajasiga chiqqanini va bu yo'nalishdagi vazifalar dolzarb ekanini alohida ta'kidladilar. Ushbu sheriklik quyidagi uchta muhim yo'nalishda amalga oshirilishi ko'zda tutilgan:
- Ekologiya va iqlim o'zgarishi sohasidagi qonunchilikni ilmiy-huquqiy jihatdan takomillashtirish hamda ekologik tashabbuslarni huquqiy ekspertizadan o'tkazish.
- Ekologik huquq, iqlim huquqi va barqaror rivojlanish yo'nalishlarida amaliy tajribaga ega bo'lgan yangi avlod yuristlarini tayyorlash, talabalarning partiya va ekologik tashkilotlarda amaliyot o'tashini yo'lga qo'yish.
- Yoshlar ongida ekologik madaniyatni mustahkamlash, targ'ibot ishlarini kuchaytirish hamda fuqarolarning tabiatga nisbatan mas'uliyatini oshirish.
Qo'shma dasturlar va istiqbollar
Uchrashuv davomida Ekologik partiya ekologik siyosat hamda jamoatchilik manfaatlarini ifoda etishi, yuridik universitet esa ushbu tashabbuslarning puxta huquqiy asoslarini yaratishi alohida qayd etildi. Shu ma'noda, mazkur memorandum aniq rejalar va qo'shma dasturlar orqali o'z samarasini berishi kutilmoqda. Shuningdek, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish yo'lidagi o'zaro sa'y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.
Manba: UzA



