Toshkent davlat yuridik universitetida diplomatik etiket bo'yicha yangi qo'llanma nashr etildi
Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari tomonidan rahbar kadrlar va talabalar uchun "Boshqaruvchilar uchun diplomatik etiket" qo'llanmasi yaratildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat boshqaruvi kafedrasi katta o'qituvchisi Nurillo To'xtasinov hamda mazkur oliygohning 4-bosqich talabasi, Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Muhammadnur Murodxonov hammuallifligida "Boshqaruvchilar uchun diplomatik etiket" nomli o'quv qo'llanma nashr etildi. Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tayyorlangan bu kitob davlat organlari xodimlari, rahbar kadrlar hamda xalqaro hamkorlik yo'nalishida ishlayotgan mutaxassislar uchun mo'ljallangan.
Asosiy mavzular va Vena konvensiyalari tarjimasi
Qo'llanmada diplomatiya hamda diplomatik xizmatning nazariy asoslari, protokol va etiket qoidalari, rasmiy tashriflarni uyushtirish, xorijiy delegatsiyalarni kutib olish, muzokaralar va nutq madaniyati, shuningdek, zamonaviy diplomatik muloqotning amaliy jihatlari batafsil yoritilgan. Nashrning muhim ilmiy-amaliy yangiliklaridan biri shundaki, unda xalqaro diplomatik huquqning asosiy manbalari hisoblangan 1961 yildagi "Diplomatik munosabatlar to'g'risida"gi hamda 1963 yildagi "Konsullik munosabatlari to'g'risida"gi Vena konvensiyalari ilk bor o'zbek tiliga tarjima qilinib kitobxonlarga taqdim etilmoqda. Bu holat xalqaro huquq va diplomatiya yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun qimmatli manba bo'lib xizmat qiladi.
Amaliy yo'nalish va elektron shakli
Shuningdek, nashrda diplomatik protokolning xalqaro standartlari, ishbilarmonlik etiketi, rasmiy uchrashuvlarni tashkil etish, muloqot madaniyati, noverbal kommunikatsiya va boshqaruv faoliyatidagi zamonaviy etiket qoidalari amaliy misollar orqali tushuntirilgan. Mualliflarning ma'lum qilishicha, yaqin kunlarda mazkur kitobning "Smartbook" shakli ham tayyorlanib, "Play Market" hamda "App Store" elektron platformalariga joylashtiriladi va foydalanuvchilar uni bepul yuklab olish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Manba: UzA



