Xorazmda zamonaviy kampusga ega Osiyo xalqaro universiteti talabalarga qanday imkoniyatlar yaratmoqda?
Osiyo xalqaro universitetining Xorazm kampusida 2000 nafardan ortiq talaba o'qimoqda. Bu yerda qanday sharoitlar mavjud?
Zamonaviy infratuzilmaga ega oliy ta'lim muassasalari deganda ko'pchilikning xayoliga asosan poytaxt keladi. Biroq Xorazm viloyatida faoliyat boshlagan Osiyo xalqaro universiteti kampusi bu qarashni o'zgartirmoqda. Uchta yirik o'quv binosidan iborat mazkur ta'lim majmuasida bugungi kunda ikki ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda.
Ta'lim jarayoni va zamonaviy infratuzilma
Talabalar shaharchasi hududida so'nggi rusumdagi texnika vositalari bilan ta'minlangan laboratoriyalar, yoshlar uchun kovorking zonalari, sport hamda dam olish maskanlari tashkil etilgan. Bu yerda o'qish jarayoni faqatgina ma'ruza va seminarlar bilan cheklanib qolmaydi. Yaratilgan muhit talabalarning mustaqil fikrlashi, jamoada ishlashi va amaliy ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Jumladan, tibbiyot yo'nalishi tahsil oluvchilari uchun maxsus simulyatsiya markazi faoliyat yuritmoqda. Mazkur markazda yosh izlanuvchilar birinchi kursdan boshlaboq o'z nazariy bilimlarini real hayotga yaqin sharoitda sinab ko'rish imkoniyatiga ega.
Universitet tarixi va ta'lim yo'nalishlari
Osiyo xalqaro universiteti 2022 yilda rasmiy litsenziya asosida Buxoro shahrida tashkil qilingan edi. Hozirgi kunda oliygoh bakalavriat, magistratura, ordinatura hamda doktorantura bosqichlarini o'z ichiga olgan to'qson dan ortiq ta'lim dasturlarini taqdim etmoqda. Ular qatoriga stomatologiya, farmatsiya, pedagogika, texnika va axborot texnologiyalari kabi yo'nalishlar kiradi.
Buxoro shahrida shakllantirilgan tizimli va amaliyotga yo'naltirilgan yondashuv Xorazm kampusida ham muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. O'quv xonalari, laboratoriyalar, kutubxona va texnologik bazalar ta'lim sifatini ta'minlashga xizmat qiladi. Professor-o'qituvchilar safida fan doktorlari, fan nomzodlari va o'z ishining mutaxassislari faoliyat olib bormoqda.
Xorazm kampusida pedagogika, iqtisodiyot, texnika, IT va yana yigirmadan ortiq zamonaviy yo'nalishlar mavjud bo'lib, har bir mutaxassislik bo'yicha darslar amaliy mashg'ulotlar bilan uyg'unlashtirilgan holda olib boriladi.
Manba: Kun.uz



