Xorijiy va nodavlat OTMdan o'qishni ko'chirish tartibi tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan xorij va nodavlat OTMlardan davlat universitetlariga o'qishni ko'chirish bo'yicha ma'muriy reglament tasdiqlandi.
O'zbekiston hukumatining 299-son qarori bilan xorijiy hamda nodavlat oliy ta'lim tashkilotlaridan talabalar o'qishini davlat OTMlariga ko'chirish bo'yicha davlat xizmatini ko'rsatish ma'muriy reglamenti tasdiqlandi. Ushbu yo'nalishdagi vakolatli davlat organi etib Bilim va malakalarni baholash agentligi belgilandi.
Ariza topshirish tartibi va muddatlari
Tasdiqlangan reglamentga ko'ra, talabalar o'qishini ko'chirish yuzasidan har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar murojaat qilishlari mumkin. Arizalar quyidagi uchta usulda qabul qilinadi:
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
- Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi
- Davlat xizmatlari markazlari
Rad etish asoslari
Normativ-huquqiy hujjatda arizalarni qabul qilishni rad etish uchun aniq asoslar belgilangan. Unga ko'ra, zarur hujjatlar yoki ma'lumotlar to'liq taqdim etilmagan taqdirda, noto'g'ri yoxud buzib ko'rsatilgan ma'lumotlar aniqlanganda hamda belgilangan to'lov o'z vaqtida amalga oshirilmaganda hujjatlar rad etiladi.
Ko'rib chiqish muddati va natijalar
Taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar har yili 15 iyuldan 6 avgustga qadar bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi. Shundan so'ng arizani qabul qilish yoki rad etish haqida tegishli qaror qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror to'g'risidagi xabarnoma ariza beruvchilarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki maxsus elektron platforma orqali yuboriladi.
Shuningdek, o'qishni ko'chirish bo'yicha o'tkazilgan imtihon natijalari QR-kodli shaklda rasmiylashtiriladi hamda sinovlar yakunlanganidan keyin bir hafta ichida talabalarga taqdim etiladi.
Manba: Kun.uz



