Andijonda OTM bitiruvchilari uchun "Talaba Expo – 2026" ko'rgazmasi o'tkazildi
Andijon shahrida oliy o'quv yurtlari bitiruvchilari hamda yoshlar bandligini ta'minlashga qaratilgan "Talaba Expo – 2026" kasb-hunar va bo'sh ish o'rinlari ko'rgazmasi bo'lib o'tdi.

Andijon viloyati Bobur shahrida oliy o'quv yurtlari bitiruvchilari hamda yoshlar bandligini ta'minlash maqsadida "Talaba Expo – 2026" kasb-hunar va bo'sh ish o'rinlari ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Tadbir "O'zmilliybank" aksiyadorlik jamiyati, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Ish o'rinlari va texnikumlar ishtiroki
Ko'rgazmaning ochilishida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o'rinbosari Bahriddin Valiyev yoshlar bandligini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanini ta'kidladi. Tadbirda viloyatdagi 238 ta subekt o'zining 10 mingga yaqin bo'sh ish o'rni bilan qatnashdi.
Shuningdek, viloyat kasbiy ta'lim boshqarmasi tasarrufidagi 56 ta texnikum 216 ta bo'sh ish o'rni bilan ishtirok etdi. Ma'lum qilinishicha, viloyatdagi texnikumlarda o'tgan yili 94 ta kasb bo'yicha mutaxassislar tayyorlangan bo'lsa, yangi o'quv yilidan 126 ta yo'nalish, jumladan, IT, logistika va robototexnika kabi yangi yo'nalishlar bo'yicha mutaxassislar tayyorlash yo'lga qo'yiladi. Ko'rgazma davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, turli korxona va tashkilotlar vakillari bitiruvchilar bilan bevosita muloqot o'tkazdi.
Imtiyozli kreditlar va taqdirlash
Tadbir doirasida bir guruh faol va ilg'or bitiruvchi talabalar "O'zmilliybank" sovg'alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, "O'zmilliybank" va Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligidagi "Kelajak tadbirkorligi" loyihasi doirasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish istagidagi bir guruh bitiruvchi talabalarga imtiyozli kredit olish uchun bank vaucherlari topshirildi.
Bundan tashqari, talabalar o'rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishdagi faolligi uchun Andijon davlat pedagogika instituti, Andijon davlat universiteti hamda Andijon davlat tibbiyot instituti rahbariyatiga bank statuetka va maxsus sovg'alari berildi.
Manba: UzA



