O'zbekistonda 2026-2027 o'quv yili uchun davlat OTMlariga qabul boshlandi
Mamlakatimizdagi davlat oliy ta'lim muassasalariga 2026-2027 o'quv yili uchun abituriyentlarni ro'yxatga olish jarayonlari boshlandi.

Joriy yilning 5-iyun sanasidan boshlab O'zbekistondagi davlat oliy ta'lim muassasalariga 2026-2027 o'quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilish jarayonlari rasman start oldi. O'qishga topshirish istagini bildirgan nomzodlar uchun hujjat topshirish ishlari my.uzbmb.uz portali orqali amalga oshiriladi va jarayon 25-iyunga qadar davom etadi.
Qabul jarayonining tartibi
Joriy qabul bosqichida abituriyentlarga faqat fanlar majmuasini tanlash imkoniyati beriladi. Boshqacha aytganda, nomzodlar dastlab qaysi fanlar bo'yicha test sinovlarini topshirishini aniqlab olishlari lozim.
OTM va yo'nalishni tanlash
Test sinovlari to'liq yakunlanib, uning natijalari e'lon qilinganidan keyingina abituriyentlar o'zlari to'plagan ballar hamda reyting ko'rsatkichlariga tayanib, oliy ta'lim muassasasi hamda tegishli ta'lim yo'nalishini tanlash jarayoniga kirishadilar. Mas'ullarning qayd etishicha, mazkur tartib abituriyentlarga o'z imkoniyatlarini real baholagan holda tanlovni bosqichma-bosqich amalga oshirishda qulaylik yaratadi.
Manba: UzA