Buvaydadagi ishdan olingan maktab direktori lavozimiga tiklandi
Farg'ona viloyatida o'qituvchilarni dam olish kunlari navbatchilikka qo'ygani uchun ishdan olingan maktab direktori lavozimiga qaytarildi.
Farg'ona viloyatining Buvayda tumanidagi 37-sonli umumta'lim maktabi direktori Hasanboy Nishonov o'z lavozimiga tiklandi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma'lum qildi. Avvalroq mazkur ta'lim muassasasi rahbarining o'qituvchilarni dam olish kunlari navbatchilikka jalb etgani ishdan bo'shatilishiga sabab bo'lgan edi.
Inspeksiya o'tkazgan o'rganishlar davomida Farg'ona viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tomonidan mehnat qonunchiligi talablari buzilgan holda direktor lavozimidan ozod etilgani aniqlangan. Berilgan yozma ko'rsatmaga binoan, boshqarmaning 2026 yil 6 yanvardagi 1-k-sonli buyrug'i bekor qilindi.
Ma'lum bo'lishicha, 37-sonli maktab direktori Hasanboy Nishonov 2025 yil 25 dekabrdan 2026 yil 6 yanvargacha o'qituvchilarni tunu-kun navbatchilikka jalb qilgani ortidan viloyat boshqarmasi tomonidan ishdan olingandi. Keyinchalik ushbu tashabbus Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligidan chiqqani hamda barcha hududiy boshqarmalar, tuman va shahar bo'limlariga shunday topshiriq berilgani ma'lum bo'lgandi. Davlat mehnat inspeksiyasining aralashuvi bilan qonunbuzarlik holati bartaraf etilib, direktor o'z ishiga qaytarildi.
Manba: Kun.uz


