Qumqo'rg'onda maktab direktori farroshlikka ishga qo'yish evaziga pul talab qilgani aniqlandi
Surxondaryoda fuqaroni 2 ming dollar evaziga farroshlikka ishga qo'ymoqchi bo'lgan maktab direktori sudlandi.
Qumqo'rg'on tumanidagi 83-sonli maktab direktori lavozimida ishlab kelgan 40 yoshli S.K. jinoyat sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Ma'lum bo'lishicha, maktab rahbariga ish so'rab murojaat qilgan L.T.ga 0,5 shtat birligidagi farroshlik lavozimiga joylashish uchun 1 500 dollar kerakligi aytilgan.
Pora evaziga shtat ochish va qo'shib berish
Bund tashqari, direktor tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi mansabdor shaxslari orqali yana 0,25 shtat birligini ochib berishi mumkinligini bildirgan. Buning evaziga bo'lim xodimlariga berish uchun qo'shimcha ravishda 400-500 dollar talab qilingan. Umumlashtirganda, 0,75 shtat birligidagi farroshlik ishi uchun jami 2 ming dollar so'ralgan.
Kelishilgan mablag'dan 1 900 dollar va 1,2 million so'm olib ketilayotgan paytda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sud hukmi va tayinlangan jazolar
Sud majlisida jabrlanuvchi o'z ko'rsatmasida diplomiga ega emasligini, biroq direktor ishga kirishning o'ziga xos "jekpoti" borligini va bu ma'lum miqdordagi pulni talab qilishini ochiq aytganini ma'lum qilgan. S.K. o'z aybiga to'liq iqror bo'lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan.
Jinoyat ishlari bo'yicha Qumqo'rg'on tuman sudining 2026-yil 11-sentabrdagi hukmiga ko'ra, S.K. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topildi. Unga 1,5 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil ozodlikni cheklash jazosi berildi. Shuningdek, muayyan cheklovlar, jumladan, ruxsatsiz Surxondaryo viloyati hududidan chiqmaslik majburiyatlari yuklatildi.
Manba: Kun.uz



