Buxoro viloyatida 23 mingdan ortiq o'quvchi maktabni bitirdi
Buxoro viloyatidagi umumta'lim maktablarida o'quv yili yakunlanib, 23 ming 740 nafar o'quvchi bitiruvchi maqomini oldi.

Buxoro shahridagi 29-umumta'lim maktabida ham “So'nggi qo'ng'iroq” tadbiri “Yuksak ma'rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida tashkil etildi. Bayramona ruhdagi tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi. Yosh avlodning bilimli va vatanparvar bo'lib voyaga yetishi muhimligi ta'kidlandi. Mazkur maktabni joriy o'quv yilida 28 nafar bitiruvchi tamomlab, ularning 5 nafari muddatidan avval talabalik baxtiga muyassar bo'ldi.
Viloyat miqyosida “So'nggi qo'ng'iroq” sadolari ostida 549 ta umumta'lim maktabining 23 ming 740 nafar 11-sinf bitiruvchisi qadrdon dargohi bilan xayrlashdi. Quvonarlisi, hudud bo'yicha 426 nafar bitiruvchi maktabni oltin medal, 127 nafari esa kumush medal bilan yakunladi. Bu ko'rsatkichlar ta'lim tizimidagi islohotlar, o'qituvchilarning fidokorona mehnati va yoshlarning ilm olishga intilishi natijasidir.
Manba: UzA


