Buxorodagi maktabda keng qamrovli ekofestival va yoshlar loyihalari tashkil etildi
Buxoro shahridagi 29-maktabda o'quvchilarning ekologik savodxonligini oshirishga qaratilgan ekofestival bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan “Eco-Schools Uzbekistan” loyihasi doirasidagi “Young Climate Champions” dasturi asosida Buxoro shahridagi 29-umumta'lim maktabida ekofestival o'tkazildi. Mazkur tadbir yoshlar orasida ekologik savodxonlikni yuksaltirish, tabiat resurslarini avaylash madaniyatini rivojlantirish hamda iqlim o'zgarishiga nisbatan mas'uliyatli yondashuvni shakllantirish maqsadini ko'zda tutdi. Uchrashuvda O'zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi faollari, o'qituvchilar va jamoatchilik vakillari qatnashib, o'quvchilar bilan muloqot qildi.
Innovatsion loyihalar va ko'rgazmalar
Festival doirasida tuman va shaharlardan kelgan o'quvchilar o'zlarining ekologik yo'nalishdagi ishlari bilan qatnashdi. “Yashil maktab” tamoyillari asosida tayyorlangan ilmiy-amaliy loyihalar, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash mahsulotlaridan yasalgan buyumlar namoyish etildi. Bu orqali resurslarni tejash va chiqindilarni saralash madaniyati targ'ib qilindi. Shuningdek, intellektual viktorinalar, treninglar va sahna ko'rinishlari bolalarning ekologik dunyoqarashini boyitishga xizmat qildi.
O'zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi raisi o'rinbosari Jahongir Sharipovning ta'kidlashicha, global iqlim o'zgarishlari davrida bolalar ongida tabiatga hurmat uyg'otish kelajak uchun eng asosiy investitsiyadir. Buxoroda o'tkazilayotgan bunday tadbirlar yosh avlodda fuqarolik mas'uliyati va faollikni shakllantiruvchi tarbiyaviy maktab vazifasini bajaradi.
Tadbir davomida o'quvchilar energiya tejamkor texnologiyalar, plastik chiqindilarni qisqartirish, daraxt ekish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo'yicha o'zlarining startap g'oyalari hamda amaliy takliflarini taqdim etdi. Mehmonlar maktab o'quvchilarining ijodiy chiqishlari va tashabbuslarini katta qiziqish bilan kuzatdi.
Manba: UzA


