Davlat granti asosida o'qigan bitiruvchilar uchun uch yillik majburiy ishlab berish talabi bekor qilinishi mumkin
Ta'lim yo'nalishlarining xususiyatidan kelib chiqib, davlat grantchilarining ishlab berish muddatini alohida belgilash taklif etilmoqda.
Kadrdirni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash hamda ularni ishga taqsimlash tartibini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish ko'zda tutilmoqda. Tegishli qaror loyihasiga ko'ra, amaldagi nizomda ko'rsatilgan kamida uch yil ishlab berish majburiyatiga oid normalarni chiqarib tashlash taklif qilinmoqda.
Yangi tartib joriy etilsa, davlat grantlari asosida o'qishni tamomlagan bitiruvchilarning ishlab berish muddati har bir ta'lim yo'nalishining o'ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda vakolatli organ tomonidan alohida belgilanadi. Shuningdek, bitiruvchilarni ishga taqsimlash jarayonida ishlatiladigan ayrim tushunchalarga ham aniqlik kiritish rejalashtirilgan. Xususan, doimiy yashash joyi atamasini yashash joyi deb almashtirish ko'zda tutilgan.
Sohalar kesimida differensial tartib
Qaror loyihasida ishlab berish majburiyatini belgilashda yagona yondashuvdan voz kechish ko'zda tutilgan. Buning o'rniga sohalar kesimida differensial tartibni joriy etish orqali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsad qilingan. Mazkur o'zgartirishlar bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash jarayonini yanada shaffof hamda samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu o'zgarishlar mehnat bozori ehtiyojlariga to'la mos keladigan kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishga yo'naltirilgan.
Manba: Kun.uz



