Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy ta'limdan keyingi ta'lim qabuli tartibi tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy ta'limdan keyingi ta'limga qabul qilish hamda o'qitishning yangi tartibi belgilandi.

Hukumatning 2026-yil 19-fevraldagi 70-son qaroriga asosan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy ta'limdan keyingi ta'limga qabul qilish va o'qitish tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat bilan mazkur ta'lim muassasasida o'qishga qabul qilishning yangi qoidalari joriy etildi.
Ta'lim shakllari va hujjat topshirish
Tasdiqlangan tartibga muvofiq, Akademiyada oliy ta'limdan keyingi ta'lim quyidagi yo'nalishlar bo'yicha amalga oshiriladi:
- tayanch doktorantura;
- doktorantura;
- mustaqil izlanuvchilik.
Talabgorlardan hujjatlar Yagona elektron tizim hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bo'lgan my.gov.uz orqali qabul qilinadi. Tayanch doktorantura va doktoranturaga hujjat topshirish jarayoni har yili 15-sentabrdan 15-oktabrga qadar davom etadi. Kirish imtihonlari esa har yili 1-noyabrdan 25-noyabrgacha bo'lgan muddat oralig'ida o'tkaziladi.
Imtihon jarayoni va natijalar
Qabul jarayoni 100 ballik baholash tizimi asosida ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda talabgorlar mutaxassislik fanlaridan yozma, og'zaki yoki test shaklida imtihon topshirishadi. Ikkinchi bosqich doirasida esa dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi taqdimoti o'tkaziladi. Kirish imtihonlarining yakuniy natijalari imtihonlar tugagach, Akademiyaning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.
Manba: UzA



