Maktab va bog'chalarda mehnat xavfsizligi qoidabuzarliklari oqibatida baxtsiz hodisalar ko'paydi
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimida mehnat xavfsizligi talablariga rioya etilmasligi oqibatida baxtsiz hodisalar soni ortdi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimida mehnat xavfsizligi qoidalariga yetarli darajada amal qilinmasligi jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda. Tahlillarga ko'ra, sohada ish faoliyati bilan bog'liq ko'ngilsiz hodisalar soni yildan-yilga oshib borayotgani tizimli kamchiliklar mavjudligidan dalolat beradi.
Statik raqamlar va oqibatlar
Qayd etilgan ma'lumotlarga ko'ra, 2024 yilda vazirlik tizimida jami 12 ta baxtsiz hodisa ro'yxatga olingan bo'lsa, 2025 yilda bu ko'rsatkich 20 taga yetdi. Bir yil ichida holatlar 8 taga ko'paygani kuzatildi. Buning natijasida 17 nafar xodim og'ir tan jarohatini oldi, 2 nafar xodim esa hayotdan ko'z yumdi.
Mutaxassislar bu kabi holatlar tasodifiy tus olmaganini, aksincha, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muntazam ravishda loqayd qaralishi, nazorat yetishmasligi va rahbarlarning mas'uliyatsizligidan kelib chiqqanini ta'kidlashmoqda.
Asosiy sabablar
- bog'cha va maktablarda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilinmasligi;
- muassasalarning malakali mehnat muhofazasi mutaxassislari bilan to'liq ta'minlanmagani yoki bu vazifa tayyorgarligi yo'q xodimlarga yuklangani;
- xodimlarni belgilangan tartibda o'qitish va yo'riqnomadan o'tkazish ishlari sust tashkil etilgani;
- ish joylarida xavf-xatarlarni baholash hamda profilaktika choralari yo'qligi;
- rahbarlarning shaxsiy javobgarlikni yetarli his qilmasligi.
Hukumatning 819-son qarori talablariga asosan, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi va uning quyi tashkilotlari mehnatni muhofaza qilish ishlarini zudlik bilan qayta ko'rib chiqishi talab etiladi. Barcha muassasalarda mas'ul va malakali mutaxassislarni tayinlash, xodimlarni o'qitish hamda nazorat tizimini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, qonun-qoidalarga beparvo qarash, mehnat xavfsizligini ta'minlamaslik oqibatida xodimlarning og'ir tan jarohati olishi yoki vafot etishi muqarrar ravishda ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo'lishi qat'iy eslatib o'tildi.
Manba: Kun.uz


