Davlat universitetlari kuzatuv kengashlarining tarkibi o'zgaradi
Davlat oliygohlarida kuzatuv kengashlari tarkibining muhim qismi xususiy sektor va xorijiy mutaxassislardan shakllantiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O'zbekiston» universitetida O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda so'zga chiqdi. Davlat rahbari ta'lim sifati, mazmuni hamda yakuniy natijalar uchun rektorlar shaxsan javobgar bo'lishi lozimligini qat'iy belgilab qo'ydi.
Kuzatuv kengashlari va yangi vazifalar
Qabul qilingan qarorga ko'ra, bundan buyon mamlakatdagi barcha davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a'zolarining uchdan ikki qismi xorijiy oliy ta'lim muassasalari va xususiy sektor vakillaridan iborat etib tozalanadi. Shu bilan birga, mazkur kengash a'zolari hamda jalb qilingan mutaxassislar mehnatiga haq to'lash tizimi joriy etiladi.
Kuzatuv kengashlari oldiga o'quv dasturlari va mutaxassisliklarni zamonaviy mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda tubdan qayta ko'rib chiqish vazifasi qo'yildi. Xorijiy adabiyotlar mualliflari bilan yaqin hamkorlikda har yili kamida 50 ta yangi darslik yaratish rejalashtirilgan.
Ilm-fan va amaliyot uyg'unligi
Talabalarning bitiruv malaka ishlari hamda ilmiy dissertatsiyalari bevosita iqtisodiyot tarmoqlaridagi real muammolarni hal etishga yo'naltiriladi. Shuningdek, professor-o'qituvchilar hamda iqtidorli yoshlar ishtirokida maxsus kreativ klublar faoliyati yo'lga qo'yilib, tadbirkorlik va xususiy sektor ehtiyojlariga mos keladigan ilmiy ishlanmalar hajmi oshiriladi. Davlat rahbari universitetlarga berilayotgan mustaqillik ta'lim sifati, ilm-fan va ish beruvchilar o'rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi zarurligini alohida ta'kidladi.
Manba: UzA



