Xalqaro kasb sertifikatiga ega ustalarga kelasi yildan qo'shimcha ustama to'lanadi
Kelasi yildan boshlab xalqaro kasb sertifikatini olgan ustalarga 50 foiz miqdorida ustama beriladi va ularning xarajatlari qoplanadi.

Prezident kasbiy ta'lim masalalariga to'xtalib o'tarkan, “Hunar – hunardan rizqing unar” maqoliga alohida urg'u berdi. Ma'lum qilinishicha, so'nggi ikki yil ichida mamlakatdagi 104 ta texnikumga Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy va Shveysariyaning ilg'or xalqaro dasturlari tatbiq etildi. Shuningdek, 25 mingdan ortiq korxona bilan hamkorlik yo'lga qo'yilib, 100 mingdan ziyod yoshlarga o'qish jarayonida daromad topish imkoniyati yaratildi.
Dual ta'lim va texnikumlardagi qabul jarayoni
Joriy yildan boshlab dual ta'lim asosida kasb o'rganayotgan yosh yigit-qizlarga 1 million 300 ming so'mgacha miqdorda stipendiya berilmoqda. E'tiborlisi, joriy yilda 9-sinfni tamomlagan 220 ming nafar o'quvchi texnikumlarga qamrab olindi.
Ustalar uchun yangi rag'batlantirish mexanizmlari
Respublika bo'ylab barcha texnikumlarga xalqaro ta'lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Shu munosabat bilan ustalar va o'qituvchilarni tayyorlash hamda moddiy rag'batlantirish tizimi yanada kuchaytiriladi. Xususan, kelasi yildan boshlab xalqaro kasb sertifikatiga ega bo'lgan ustalarga 50 foiz miqdorida ustama haqi to'lanadi va ularning sertifikat olish bilan bog'liq xarajatlari to'liq qoplab beriladi.
Bundan tashqari, har yili texnikumlarning 500 nafar ustasi Xitoy, Germaniya, Shveysariya va Turkiya kabi xorijiy davlatlarga malaka oshirish hamda stajirovka o'tash uchun yuboriladi.
Manba: UzA

