Dehqonobodda o'quvchilar qarovsiz uyda o'qitilgani yuzasidan o'rganish o'tkazildi
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi maktab o'quvchilari qarovsiz xonadonda ta'lim olgani haqidagi xabarlar o'rganildi.

Yaqinda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi tog'li qishloqlardan birida o'quvchilar qarovsiz uyda ta'lim olayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo'ldi. Mazkur holat yuzasidan jurnalistik o'rganish o'tkazildi.
Ma'lum bo'lishicha, tumandagi Shakarbuloq qishlog'ida joylashgan 80-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida 150 nafarga yaqin o'quvchi tahsil oladi. Eski bino yopilganidan so'ng, taxminan bir hafta davomida o'quvchilar qarovsiz uylardan birida o'qitilgani aniqlandi. Maktab rahbariyati ishtirokida ochilgan xonadonda bitta kichik koridor va uchta xona mavjud bo'lib, burjuyka pechlar o'rnatilgan, biroq parta va doskalar olib chiqib ketilgani, xonalar bolalarga ta'lim berish uchun mutlaqo talabga javob bermasligi ma'lum bo'ldi.
Maktab rahbari Rajab Abrayevning ta'kidlashicha, uyda bor yo'g'i bir kun dars tashkil qilingan. Maktabning asosiy binosi o'tgan asrning 80-yillarida qurilgan bo'lib, hozirda ancha eskirgan. Qo'shimcha bino 2015 yilda qurilgan. Joriy yilning 18 yanvar sanasigacha ikkita binoda o'quvchilarga ta'lim berib kelingan. Ota-onalarning murojaatiga asosan eski binoning yaroqsiz holga kelib qolgani uchun SES xodimlari kelib, yopilish dalolatnomasi tuzib ketishgan. Yangi binoda to'rtta sinfxona mavjud bo'lib, umumiy 14 ta sinf o'quvchilarini sig'dira olmagani sababli ota-onalar bilan kelishgan holda darslar xonadonda tashkil etilgan. Maktab rahbari bu tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi boshlig'ining topshirig'iga asosan qilinganini bildirgan.
Mas'ullarning izohlari va ta'lim jarayonining joriy holati
Tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi boshlig'i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Berdi Bo'riyevning aytishicha, 2025 yil 23 dekabr kuni tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga murojaat qilingan va 2026 yil 15 yanvarda bildirish xati taqdim etilgan. 17 yanvar kuni o'tkazilgan yig'ilishda 80 o'rinli asosiy binoda 128 nafar o'quvchini ikki navbatda o'qitish tavsiya etilgan. Bo'lim boshlig'i xonadonda o'qitish bo'yicha hech qanday buyruq bermaganini ta'kidladi.
Dehqonobod tumani Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo'limi mutaxassisi Husan Abdiyevga ko'ra, 1987 yilda qurilgan eski o'quv binosida tabiiy yoritish yetarli emasligi, isitish tizimi xavfli holatda ekani, ventilyatsiya yo'qligi va polning betonlig sababli 2026 yil 19 yanvarda qabul qilingan qarorga asosan bino vaqtincha yopilgan. O'quv jarayoni esa asosiy binoga o'tkazilgan. Hozirda ikkita sinf o'quvchilariga bitta xonada ikki nafar o'qituvchi ta'lim bermoqda.
Tuman hokimi o'rinbosari Sardor Mahmudovning ma'lum qilishicha, o'quv jarayoni qisqa muddatda moslashtirilmagan xususiy uyda tashkil etilgani tasdiqlanib, maktab rahbariyati faoliyatiga huquqiy baho berish masalasi ko'rib chiqilmoqda. Shuningdek, Prezident tomonidan ajratilgan mablag'lar asosida 80-umumiy o'rta ta'lim maktabida 120 o'rinli yangi maktab binosini qurish rejalashtirilmoqda.
Manba: UzA


