Diniy ta'lim muassasalari bitiruvchilari ish bilan ta'minlanmoqda
O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta'lim muassasalarini tamomlagan yoshlar mutaxassisligi bo'yicha ishga joylashmoqda va o'qishini davom ettirmoqda.

Diniy ta'lim muassasulari bitiruvchilarining bandligi ta'minlanmoqda
O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarini 2025–2026-o'quv yilida jami 454 nafar iqtidorli yosh tamomladi. Ushbu bitiruvchilar qatorida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistraturasining ilk bitiruvchilari bo'lgan 10 nafar magistr ham bor.
Ayni paytda yosh mutaxassislarni o'z mutaxassisligi bo'yicha ish bilan ta'minlash hamda ularning ta'limni keyingi bosqichda davom ettirishini qo'llab-quvvatlash ishlari olib borilmoqda.
Ish boshlagan yoshlar ko'rsatkichi
- 145 nafar yosh mutaxassis diniy soha muassasalari va tashkilotlarida rasman faoliyat boshladi.
- 3 nafari O'zbekiston musulmonlari idorasi Markaziy apparatida, 1 nafari idoraning Toshkent shahar vakilligida ishga kirdi.
- 13 nafari masjid imom-xatibi, 118 nafari imom noibi vazifasida ish boshladi.
- 10 nafar bitiruvchi diniy ta'lim muassasalarida pedagog-o'qituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Yangi tayinlangan mutaxassislar Qoraqalpog'iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Farg'ona, Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm, Surxondaryo va Navoiy viloyatlaridagi masjidlar hamda ta'lim muassasalari jamoalariga tanishtirilib, o'z vazifalarini bajarishga kirishdi.
O'qishni davom ettirayotgan bitiruvchilar
Shu bilan birga, 112 nafar yosh ta'limning keyingi bosqichiga qabul qilindi. Jumladan, 44 nafar yosh magistraturada tahsil olishni davom ettirayotgan bo'lsa, o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarini tamomlagan 68 nafar yigit-qiz oliy diniy ta'limning bakalavriat bosqichiga o'qishga qabul qilindi. Bitiruvchilarning bir qismi mehnat faoliyatini boshlagani, yana bir qismi esa ilmiy va ta'limiy salohiyatini oshirish uchun o'qishini davom ettirayotgani diniy ta'lim tizimida yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish va malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA



