Bolalarning alohida ta'lim ehtiyojlarini aniqlash bo'yicha kompleks baholash tizimi ish boshladi
O'zbekistonda bolalarning ta'lim ehtiyojlarini o'rganish va ularga mos sharoit yaratishga qaratilgan yangi kompleks baholash tizimi yo'lga qo'yildi.

Farzandning ta'lim olish jarayonida faqatgina maktab hamda o'qituvchining imkoniyatlari yetarli bo'lmaydi. Ayrim o'quvchilarga ijtimoiy, psixologik yoki qo'shimcha pedagogik ko'mak talab etiladi. Bunday ehtiyojlarni o'z vaqtida aniqlab, bolaga mos sharoit hozirlash maqsadida respublikada yangi kompleks baholash tizimi joriy etilmoqda.
Yangi tizim qanday tartibda ishlaydi
Navoiy hamda Xorazm viloyatlaridagi "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari qoshida Bolani kompleks baholash guruhlari tashkil etilib, o'z ishini boshladi. Unga ko'ra, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan bolalarning rivojlanish bosqichi, muloqot qilish qobiliyati, xulq-atvori, ta'lim olish imkoniyatlari hamda ijtimoiy-oilaviy muhiti bir nechta mezonlar asosida atroflicha o'rganiladi.
Baholash jarayonlariga psixolog, maxsus pedagog va mahalladagi ijtimoiy xodimlar jalb qilingan bo'lib, zaruriyat tug'ilganda tibbiyot mutaxassislari ham kiritiladi. Shuningdek, qonuniy vakillar yoki ota-onalarning jarayonda bevosita qatnashishi ta'minlanadi. Bu mexanizm shunchaki xulosa berish bilan cheklanmay, bolaning kelgusidagi ta'lim yo'nalishini belgilash, zarur yordam choralarini topish va uni tegishli davlat ta'lim muassasasiga biriktirishga xizmat qiladi.
Bosqichma-bosqich joriy etish jadvali
Ilgari ota-onalar farzandining ta'limdagi ehtiyojini aniqlashtirish uchun turli idoralarga borishiga to'g'ri kelgan bo'lsa, yangi yondashuvda ushbu xizmatlar mahalla darajasiga hamda "Inson" markazlariga yaqinlashtirilmoqda. Mazkur tizim bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda:
- 1-oktabrdan boshlab Navoiy va Urganch shaharlarida ish boshladi.
- 1-noyabrdan Xiva shahri, shuningdek, Karmana, Qiziltepa, Konimex, Yangibozor va Qo'shko'pir tumanlari qamrab olinadi.
- 1-dekabrdan e'tiboran esa mazkur ikki viloyatning qolgan barcha tuman va shaharlarida joriy qilinadi.
Hozirda ushbu vazifalarni bajarish uchun Navoiy viloyatida 5 ta va Xorazm viloyatida 7 ta, jami 12 ta kompleks baholash guruhi faoliyat ko'rsatmoqda.
Bolalarning o'zlashtirishi, muloqoti va ijtimoiy moslashuvi turlicha bo'lgani bois, ta'limdagi bir xil yondashuv har doim ham natija bermaydi. Yangi tizim cheklovlarga emas, balki bolaning shaxsiy ehtiyoji va imkoniyatlariga tayanishi bilan ahamiyatlidir. Tavsiyalar maktablarda amalda qo'llanilganda hamda ota-onalar jarayonning faol ishtirokchisiga aylanganda, inklyuziv ta'limni yangi bosqichga ko'tarish imkoni yuzaga keladi.
Manba: UzA


