Energetika yo'nalishida dual ta'lim tizimi qanday yo'lga qo'yilmoqda?
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida energetika kadrlarini tayyorlashda dual ta'lim joriy etilmoqda.

Prezident topshirig'iga muvofiq, energetika yo'nalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalarida talabalar uchun dual ta'lim asosida amaliyotlarni tizimli tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda zamonaviy energetika qurilmalari bilan ishlay oladigan, energiya tejamkor texnologiyalarni amaliyotda qo'llaydigan va muammolarga yechim topa oladigan mutaxassislarni tayyorlash muhim vazifa hisoblanadi.
Dual ta'limning afzalligi shundaki, talaba nazariy bilimni universitetda egallab, uni real ishlab chiqarish muhitida sinab ko'radi. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida ham bu borada tizimli ishlar boshlangan bo'lib, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo hududiy filiali, “Amudaryo–Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari boshqarmasi, “O'zbekgidroenergo” AJ “To'palang” GES filiali hamda “O'zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari filiali bilan hamkorlik aloqalari o'rnatildi.
Talabalarni hududlar bo'yicha taqsimlash mexanizmi
2026/2027 o'quv yilidan boshlab universitetning energetika yo'nalishidagi 148 nafar talabasini dual ta'limga qamrab olish rejalashtirilgan. Shundan 62 nafari 4-kurs, 86 nafari 3-kurs talabalaridir. Surxondaryo viloyatida tumanlar orasidagi masofa uzoqligini inobatga olib, talabalarni ortiqcha yo'l xarajatlari va vaqt yo'qotishining oldini olish maqsadida ularning doimiy yashash manzili va korxonalarning joylashuvi hisobga olingan holda biriktirish mexanizmi ishlab chiqildi.
Shuningdek, universitetda energiya auditi bo'yicha kadrlar tayyorlash va amaliy faoliyatni yo'lga qo'yishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar universitetning 35 nafar professor-o'qituvchisi va talabasi maxsus o'quv kurslarida qatnashib, tegishli sertifikatga ega bo'ldi. Viloyatdagi 63 ta tashkilot bilan energiya auditini amalga oshirish bo'yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Raqamli monitoring va amaliyot natijalari
Zamonaviy dual ta'lim jarayonini raqamlashtirish maqsadida talabalarning amaliyotga borishi, amaliyot rahbarlari, bajarilgan ishlar va yakuniy natijalarni raqamli monitoring qilish tizimini yo'lga qo'yish ko'zda tutilgan. Bu talabaning amaliyotdagi faoliyatini kuzatib borish va korxonaning uning tayyorgarligiga baho berishini ta'minlaydi.
Dual ta'limga shunchaki amaliyot sifatida emas, balki universitetdan korxonaga, nazariyadan amaliyotga hamda bilimdan kasbiy mahoratga olib boradigan uzluksiz tizim sifatida qaralmoqda.
Manba: UzA



