Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzurida qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi ochiladi
Prezident qaroriga binoan FVV akademiyasi huzurida qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi va xorijiy kadrlarni tayyorlash fakulteti tashkil etiladi.
Qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlangich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti hamda Malaka oshirish markazi sifatida qayta tashkil etilishi belgilandi.
Ta'lim kampusi tarkibidagi yangi tuzilmalar
Akademiyaning yagona ta'lim kampusida quyidagi tuzilmalar faoliyat boshlaydi:
- Akademiya huzuridagi Qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi;
- Xorijiy kadrlarni tayyorlash fakulteti.
Oliy ta'lim tizimida kadrlar tayyorlash shakllari
Akademiyada 2 bosqichli oliy ta'lim tizimi orqali yuqori malakali professional kadrlarni tayyorlash quyidagi shakllarda yola qo'yiladi:
- harbiy ta'lim yo'nalishlarida kunduzgi ta'lim shaklida davlat granti asosida;
- umumfuqaroviy ta'lim yo'nalishlarida kunduzgi, kechki va masofaviy ta'lim shakllarida to'lov-kontrakt asosida bakalavrlar tayyorlash;
- favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar uchun harbiy va umumfuqaroviy mutaxassisliklarida to'lov-kontrakt, kunduzgi, kechki va masofaviy ta'lim shakllarida magistrlar tayyorlash.
Shuningdek, akademiyada 2027/2028 o'quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida "2+2" ta'lim shaklida bakalavriat ta'lim yo'nalishlari bo'yicha kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etilishi ko'zda tutilgan.
Manba: Kun.uz



