Kasbiy ta'lim tizimini rivojlantirish va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Kasbiy ta'lim agentligi xalqaro donor tashkilotlar ishtirokida tizimni isloh qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yig'ilishini o'tkazdi.

Kasbiy ta'lim tizimini yanada takomillashtirish hamda xalqaro aloqalarni kengaytirish maqsadida Kasbiy ta'lim agentligi tashabbusi bilan xalqaro donor tashkilotlar ishtirokida navbatdagi muhokama yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Tadbirda Kasbiy ta'lim agentligi direktori Azimjon Xusanov, YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, shuningdek, loyihalar rahbarlari va 30 dan ortiq xalqaro donor tashkilot vakillari qatnashdi. Yig'ilish davomida kasbiy ta'lim yo'nalishini isloh qilish va amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish masalalari ko'rib chiqildi.
Muhokama qilingan asosiy yo'nalishlar
- o'qituvchilar malakasini oshirish va ularni xalqaro o'quv dasturlariga jalb etish;
- xorijiy til mutaxassislarini texnikumlarga kengroq jalb qilish;
- tizimni modernizatsiya qilish;
- ta'lim sifati hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
- dual ta'lim qamrovini kengaytirish;
- o'quvchilarni moddiy qo'llab-quvvatlash, jumladan stipendiya tizimini joriy etish.
Tadbirda xalqaro donor tashkilotlar tomonidan 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar taqdim etilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, 5-may Kasb bayrami tadbirini yuqori saviyada tashkil etish masalasi ham e'tibor markazida bo'ldi. Ushbu bayramni samarali va keng qamrovli o'tkazish yuzasidan turli takliflar ilgari surilib, tadbirni tashkil etish shakli va dasturini aniqlashtirish maqsadida qo'shimcha muhokama yig'ilishi o'tkazishga kelishib olindi.
Manba: UzA


