Fransiya elchisi Andijon davlat chet tillari institutiga tashrif buyurdi
Fransiyaning O'zbekistondagi elchisi Ualid Fuk Andijon davlat chet tillari institutida bo'lib, ta'lim jarayonlari va hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Fransiyaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk Andijon davlat chet tillari institutiga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonni institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov boshchiligidagi jamoa kutib oldi.
Tashrif davomida elchi oliy lutf bilan institut faoliyati, ta'lim jarayonlari hamda xalqaro hamkorlik yo'nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Tomonlar o'rtasida istiqbolli hamkorlik masalalari yuzasidan muloqot va muzokaralar tashkil etildi.
Hamkorlik va tajriba almashinuv masalalari
Muloqot chog'ida O'zbekiston va Fransiya davlatlari o'rtasida savdo, iqtisodiy, madaniy va ta'lim sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, talabalar va o'qituvchilar o'rtasida tajriba almashinuvini yo'lga qo'yish hamda Fransiya oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish muhokama qilindi.
Shart-sharoitlar va talabalar ishtiyoqi
Mehmonlar institutda xorijiy tillar, jumladan, fransuz tilini o'rganish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o'quv xonalari bilan tanishishdi. Elchi yaratilgan imkoniyatlarga yuqori baho berib, talabalarning fransuz tilini o'rganishga bo'lgan ishtiyoqi balandligidan mamnunligini bildirdi. Mazkur tashrif oliy ta'lim muassasasining xalqaro aloqalarini kengaytirish, xorijiy hamkorlikni rivojlantirish va talaba-yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Manba: UzA



