Oliy ta'lim tizimida yangi tartiblar va talablar tasdiqlandi
Adliya vazirligida davlat ro'yxatidan o'tgan yangi nizom bilan oliy ta'lim tizimini tashkil etish, ta'lim shakllari va talabalar huquqlari belgilandi.
Adliya vazirligi tomonidan oliy ta'limga oid nizom davlat ro'yxatidan o'tkazildi. 2026 yil 3 aprel kuni 3807-raqam bilan ro'yxatga olingan ushbu hujjat asosida "Oliy ta'lim to'g'risidagi nizom" yangi tahrirda tasdiqlandi.
O'qish muddatlari va ta'lim shakllari
Qabul qilingan hujjatga ko'ra, OTMlarda ta'lim bakalavriat va magistratura bosqichlarini o'z ichiga oladi. Bunda bakalavriat ta'limi kamida 3 yil davom etishi belgilangan. Sirtqi shaklda o'qish muddati kunduzgi ta'limga qaraganda kamida bir yilga, kechki ta'limda esa kamida yarim yilga uzunroq bo'lishi ko'rsatib o'tilgan. Oliy ta'limni kunduzgi, masofaviy, dual va inklyuziv shakllarda tashkil etish mumkinligi belgilandi. Shuningdek, bitiruvchilar mehnat bozori talablariga javob berishi uchun o'quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Talabalarning huquq va majburiyatlari
Nizom doirasida talabalarning huquqlari va majburiyatlari aniq belgilab berildi:
- Ta'lim sifatini oshirish bo'yicha takliflar kiritish va muhokamalarda ishtirok etish.
- Kutubxona hamda axborot resurslaridan bepul foydalanish.
- Xalqaro almashinuv dasturlarida qatnashish va OTM rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilish.
- Mehnat qonunchiligiga muvofiq ishlash hamda kunduzgi bo'limda o'qiyotganlarning stipendiya olishi.
- Ta'lim jarayoniga aloqador bo'lmagan ishlarga jalb etish qat'iyan taqiqlanishi.
Shu bilan birga, talabalar oliy ta'lim muassasasining ichki tartib-qoidalari hamda odob-axloq normalariga qat'iy rioya etishi shartligi belgilandi.
Kredit-modul tizimi va mustaqillik
Hujjatga muvofiq, ta'lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida yo'lga qo'yiladi va u Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi. Qolaversa, oliy ta'lim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilishi ham nazarda tutilgan.
Manba: Kun.uz



