Guliston davlat universiteti axborot-resurs markazining boy fondi va raqamli imkoniyatlari
Guliston davlat universiteti axborot-resurs markazi talaba va tadqiqotchilarga boy adabiyotlar fondi hamda zamonaviy raqamli xizmatlarni taqdim etmoqda.

Guliston davlat universitetining axborot-resurs markazi talabalar, professor-o'qituvchilar hamda tadqiqotchilar uchun bilim olish va ilmiy izlanishlar olib borishda muhim maskan hisoblanadi. Bugungi kunda markazning bosma nashrlar fondi qariyb 41 ming 200 nomdagi 387 ming 800 dan ziyod nusxani tashkil etadi. Shuningdek, fondda 47 mingdan ortiq nomdagi elektron va 1 ming 300 dan ziyod nomdagi audio resurslar mavjud bo'lib, ular talabalarning mustaqil ta'lim olishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Zamonaviy sharoitlar va filiallar
Markazning yangi binosi 660 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, shundan 248 o'rin zamonaviy kompyuter qurilmalari bilan ta'minlangan. O'quv zalida imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham alohida sharoitlar yaratilgan bo'lib, xizmat ko'rsatish ochiq fond shaklida yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, universitetning Psixologiya va ijtimoiy fanlar hamda Sport faoliyati fakultetlarida markaz filiallari ham faoliyat yuritmoqda.
Raqamli texnologiyalar va onlayn platformalar
Markazda raqamlashtirish jarayonlariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Elektron adabiyotlar unilibrary.uz hamda portal.guldu.uz saytiga joylashtirib boriladi. Joriy yil mart oyida arm.guldu.uz avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi ishga tushirilib, unga markazning faol fondi kiritilmoqda. Xalqaro ilmiy axborot manbalaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida 2021-yil 1-martdan buyon EBSCO Information Services ma'lumotlar bazalariga onlayn obuna tashkil etilgan. Buning natijasida tadqiqotchilar 20 ta bazadagi 15 ming 700 dan ortiq to'liq matnli jurnallardan foydalanish imkoniga ega.
Manba: UzA



