Guliston tumanidagi maktab-internatning barcha bitiruvchilari muddatidan avval talaba bo'ldi
Guliston tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 35 nafar bitiruvchisi muddatidan oldin oliy ta'lim muassasalariga qabul qilindi.

Talabalikka erishgan yoshlar va ularning natijalari
Guliston tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ta'lim olayotgan 35 nafar bitiruvchining barchasi o'qishni muddatidan oldin oliy ta'lim muassasalarida davom ettirish huquqini qo'lga kiritdi. Mazkur muvaffaqiyat mazkur ta'lim maskanida yo'lga qo'yilgan tizimli ishlar, o'quvchilarning tinimsiz izlanishlari hamda ustoz-murabbiylarning samarali faoliyati natijasidir.
O'quvchilar o'z tanlagan mutaxassislik yo'nalishlari bo'yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi sertifikatlarini muvaffaqiyatli qo'lga kiritishga erishgan.
Eng yuqori ball to'plagan iqtidorli bitiruvchilar
Iqtidorli yoshlar orasida Fotimaizahro Habibullayeva, Suhrobjon Ostonaqulov, Diyorbek Ravshanbekov, Zahroxon Ortig'aliyeva, Sevinch Qulboyeva, Mirziyo Norqulov, Azamat Abduraimov, Ozodbek Jo'raqulov, Mirziyo Miryoqubov va Shamshod Shodiyorov 189 ball bilan eng yuqori ko'rsatkichni qayd etgan. Qolgan bitiruvchilar ham imtihonlarda yuqori natija ko'rsatib, maksimal ballarga yaqin natija to'plashdi.
Maktab-internat direktori G'olibjon Bozorovning ta'kidlashicha, barcha bitiruvchilarning muddatidan oldin talabalikka erishgani jamoa uchun katta faxr hisoblanadi. Mutaxassislar bu natija ta'lim muassasasida o'quv jarayoni samaradorligi yuqori ekanligini ko'rsatishini qayd etishmoqda.
O'tgan yildagi ko'rsatkichlar
Ma'lumot o'rnida eslatib o'tamiz, o'tgan 2024–2025-o'quv yilida ham Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 37 nafar bitiruvchisi mamlakatimizdagi nufuzli OTMlarga to'liq o'qishga qabul qilingan edi. Ularning 19 nafari davlat granti, 18 nafari esa to'lov-shartnoma asosida talaba bo'lgan edi.
Manba: UzA



