Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida navbatdagi bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti va uning tarkibiy tuzilmalarida o'tkazilgan «Harbiy kasbiy tayyorgarlik» o'quv kursining bitiruvchilariga sertifikatlar berildi.

Bugungi kunda shiddat bilan o'zgarib borayotgan zamonaviy harbiy texnologiyalar, qo'shinlarni boshqarish usullari hamda taktik yondashuvlar kadrlar tayyorlash tizimiga yangi talablarni qo'ymoqda. Uchuvchisiz uchish apparatlari, aloqa va boshqaruv tizimlari hamda radioelektron kurash vositalari kabi yo'nalishlardagi yangilanishlar ofitserdan nafaqat bilim va tajriba, balki vaziyatni tez baholash hamda to'g'ri qaror qabul qilish mahoratini talab etadi. Shu bois harbiy xizmatchilar o'z kasbiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borishi zarur.
O'quv jarayonining tashkil etilishi va amaliy yondashuv
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda uning tarkibidagi institut va fakultetlarda tashkil etilgan «Harbiy kasbiy tayyorgarlik» o'quv kursining navbatdagi ishtirokchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ushbu kursda operativ-taktik bo'g'indagi ofitserlar qatnashdi. Darslarni oliygohning malakali professor-o'qituvchilari va tajribali yo'riqchilar olib bordi.
O'quv jarayonining boshlanishida o'tkazilgan kirish testlari tinglovchilarning tayyorgarlik darajasini aniqlashga xizmat qildi. Olingan natijalar asosida darslarning ustuvor yo'nalishlari belgilanib, mashg'ulotlar tinglovchilarning xizmat ehtiyojlariga yaqinlashtirildi. Nazariy bilimlar esa vaziyatli tahlillar va amaliy topshiriqlar yordamida mustahkamlandi.
Kasbiy kompetensiya va xizmat natijadorligi
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, harbiy kasbiy tayyorgarlikning asosiy mezoni – o'zlashtirilgan bilimlarning kundalik xizmatdagi amaliy natijasidir. Universitetning O'quv va uslubiy ishlarni muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i podpolkovnik Ibrohim Hamdamovning so'zlariga ko'ra, zamonaviy harbiy vazifalarning murakkabligi bilimlarni doimiy ravishda yangilab borishni taqozo etadi. Kasbiy kompetensiya tahliliy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, shaxsiy tarkibni boshqarish va mas'uliyatni o'z zimmasiga olish kabi ko'nikmalarni o'z ichiga oladi.
Kurs tinglovchisi podpolkovnik Sherzod G'afurovning fikricha, mashg'ulotlar davomida harbiy xizmatchilarning mavjud tajribasi yangi yondashuvlar bilan boyitilib, ularning murakkab vazifalarga tayyorgarligi yanada oshdi. Bunday kurslar bugungi vazifalarni bajarish bilan birga ertangi talablarga moslashish qobiliyatini ham shakllantiradi.
Manba: UzA



