Navoiy davlat universiteti talabalari uchun ichki ishlar boshqarmasida ochiq eshiklar kuni o'tkazildi
Navoiy davlat universiteti talabalari Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Navoiy davlat universiteti talabalari uchun Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Tadbir davomida viloyat prokurori va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i yoshlar bilan muloqot o'tkazib, ularning bilim olishi, kasb egallashi hamda oldiga qo'ygan maqsadlariga erishish yo'lida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to'xtalib o'tdi.
Ish jarayoni va maxsus texnikalar bilan tanishuv
Shundan so'ng talabalar boshqarma faoliyati hamda xodimlaming xizmat vazifalari bilan yaqindan tanishishdi. Jumladan, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryad, maxsus otryad va Ekspert-kriminalistika markazi faoliyatiga oid ko'rgazmalar tashkil etildi. Bu jarayonda xizmat davomida foydalaniladigan maxsus vositalar, qurol-aslahalar, shuningdek, jangovar va maxsus transport vositalari namoyish qilindi.
102 Vaziyatlar markazi va muzey
Yoshlar 102 Vaziyatlar markazi hamda navbatchilik qismida bo'lib, murojaatlarni qabul qilish, tezkor axborot almashish va jamoat xavfsizligini ta'minlash jarayonlarini ko'zdan kechirdi. Shuningdek, talabalar ichki ishlar organlarining tarixi va bugungi faoliyatini aks ettiruvchi muzey hamda o'zbek va jahon adabiyoti namunalari jamlangan kutubxona bilan tanishdi.
Kinologiya namoyishlari
Tadbir davomida kinologlar va xizmat itlari ishtirokida o'tkazilgan amaliy ko'rgazmali mashg'ulotlar yoshlarda katta qiziqish uyg'otdi. Unda jinoyat sodir etgan shaxsni qo'lga olish, giyohvandlik vositalarini aniqlash va iz qidirish bo'yicha xizmat itlarining imkoniyatlari ko'rsatib berildi va talabalar ayrim amaliy jarayonlarda bevosita ishtirok etdi. Mazkur tadbir yoshlarning huquqiy bilimlarini boyitish, kasbga qiziqishini oshirish hamda vatanparvarlik va mas'uliyat tuyg'ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Manba: UzA



