Hindistonda tibbiyot oliygohlariga kirish imtihonlari vaqtida Telegram bloklandi
Hindistonda tibbiyot kollejlariga kirish testlari savollari sizib chiqqani sababli Telegram messenjeri vaqtincha cheklandi.
Hindiston hukumati mamlakat suvereniteti va yaxlitligi manfaatlari yo'lidagi qonunga asosan Telegram messenjeriga kirishni blokladi. Bu chora 22 iyunga qadar abituriyentlar tibbiyot kollejlariga o'qishga kiradigan milliy imtihonni takror o'tkazish maqsadida qabul qilindi.
Hindiston Ta'lim vazirligining malumotiga ko'ra, firibgarlar pul evaziga abituriyentlarga imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyatini taklif qilish uchun ushbu messenjerdan foydalangan. Dastlab sinov 3 may kuni o'tqazilib, unda mamlakat bo'ylab 2,28 millionga yaqin kishi qatnashgan edi. Biroq keyinchalik imtihon savollari sizib chiqqani aniqlanib, ota-onalar va abituriyentlarning noroziligiga sabab bo'ldi.
Yangi imtihon sanasi va agentlik qarori
Imtihonni o'tqazish uchun mas'ul bo'lgan Milliy test agentligi natijalarni haqiqiy emas deb topdi. Yangi imtihon sanasi 21 iyunga belgilandi. Milliy test agentligi Telegram'ning cheklanishi yuz minglab oddiy foydalanuvchilarga noqulaylik tug'dirishini tan oldi, biroq platformadan kontentni olib tashlash bo'yicha boshqa urinishlar natija bermagani sababli bloklash oxirgi chora bo'lganini ta'kidladi.
Telegram hozircha Hindistondagi cheklovlarga izoh bermadi. Reuters agentligining bildirishicha, Hindiston Telegram uchun eng yirik bozor hisoblanadi va u yerda 104 millionga yaqin foydalanuvchi mavjud. Taqqoslash uchun, Rossiyada 34,4 millionga yaqin, AQShda 26,85 million, Braziliyada esa 14,85 million foydalanuvchi bor. Shunga qaramay, Hindistonda xabar almashish uchun asosiy platforma bo'lib WhatsApp qolmoqda.
Manba: Kun.uz