Homilador va yosh bolali talaba-qizlar uchun qanday imkoniyatlar yaratiladi?
2026/2027 o'quv yilidan boshlab homilador va yosh bolali talaba-qizlar uchun o'qishni davom ettirishda qo'shimcha shart-sharoitlar joriy etiladi.

2026/2027 o'quv yilidan boshlab respublikada homilador talaba-qizlar hamda uch yoshgacha farzand tarbiyasi bilan band bo'lgan talabalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etiladi. Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev ma'lumot berdi.
Davlat rahbarining joriy yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to'g'risida”gi farmoniga asosan, avvalroq kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga istisno tariqasida o'qishini davom ettirish imkoniyati taqdim etiladi. Ushbu jarayonda fanlar farqini qayta o'zlashtirish talabi qo'yiladi. Shu bilan birga, talabalarga fanlar farqini mustaqil ravishda o'zlashtirishlari uchun qo'shimcha vaqt ajratilib, zarur sharoitlar muhayyo qilinadi.
Akademik ta'til va masofaviy ta'lim imkoniyatlari
Qonunchilikka ko'ra, akademik ta'til davrida o'qishni istagan talabalar o'z xohishiga ko'ra masofaviy ta'lim shaklida davom ettirish huquqiga ega bo'ladilar. Buning uchun masofaviy ta'lim yo'nalishlari hamda qabul ko'rsatkichlarini oshirish orqali qo'shimcha sharoitlar yaratish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, mazkur toifadagi talabalar bo'yicha maxsus statistik ma'lumotlar yuritilishi yo'lga qo'yiladi. Ko'zda tutilgan bunday chora-tadbirlar ta'lim olish jarayonining uzluksizligini ta'minlash hamda yosh onalarning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirishga yo'naltirilgan.
Manba: UzA



