Jazoni ijro etish muassasalaridagi ayollarga OTMda o'qish imkoniyati beriladi
Jazoni ijro etish muassasalarida jazo o'tayotgan xotin-qizlarga oliygohlarga kirish va masofaviy o'qish imkoniyati yaratiladi.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o'tayotgan mahkuma ayollar uchun oliy ta'lim muassasalariga kirish hamda masofaviy shaklda o'qish imkoniyati ochilishi belgilandi. Ushbu tashabbus prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Ko'ksaroy qarorgohida o'tkazilgan bayram tadbiri davomida e'lon qilindi.
Ma'lum qilinishicha, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan xotin-qizlarning asosiy qismi o'rta ma'lumotga ega bo'lib, ularning aniq kasbi yoki hunari mavjud emas. Shu bilan birga, ularning ayrimlari oliy ta'lim muassasalarida o'qish istagini bildirgan.
"Yangi hayot" dasturi va kasbiy ta'lim
Ushbu toifadagi xotin-qizlar bilan manzilli ishlashga qaratilgan “Yangi hayot” dasturi ishga tushiriladi. Unga ko'ra, mahkuma ayollar 3 oydan 6 oygacha bo'lgan kasb dasturlari asosida o'qitilib, yakunda maxsus sertifikat bilan ta'minlanadi.
Oliy ta'limga qabul va moliyaviy qo'llab-quvvatlash
Oliy ta'lim muassasalariga kirish istagida bo'lgan ayollar uchun imtihon jarayonlari to'g'ridan-to'g'ri jazoni ijro etish muassasalarining o'zida tashkil etiladi. Kontrakt asosida o'qishga qabul qilingan talaba-mahkumalarga jazo muddatini o'tab bo'lib, ishga joylashganidan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratilishi ko'zda tutilgan.
Manba: Kun.uz



